Ofort

Ofort (Fransuzcha eau-forte — azot kislotasi) — metallga ishlanadigan gravyura turi. Tasvir metall plastina (taxta)ga kislota ta’sir ettirish yo’li bilan hosil qilinadi. Kislotaga chidamli lok bilan qoplangan rux yoki mis plastina yuzasi maxsus igna, mix bilan metall yuzagacha tirnab (oddiy kislotali mo’yqalam bilan chizib), tasvir chiziqlari hosil qilinadi. So’ng plastinadagi o’yiqlar (bosma elementlari) kislota ta’sirida yana chuqurlashtiriladi. Bu jarayonni bir necha marotaba takrorlab, kerakli darajadagi tuslar jilvasini hosil qilish mumkin. Bo’yoq surtilgan plastinadan bosim ta’sirida qog’ozga nusxa ko’chiriladi. Bu usul rangli bosmada ham ishlatiladi. Tasvir chiziqlarini kuchaytirish imkoniyati, o’ziga xos badiiyligi, shtrixining erkinligi, nursoyaning nafisligi, bosish jarayonida yuzaga keladigan takrorlanmas sifati (bir plastinadan turli xil nusxalar olish imkoniyati) bilan Ofort barcha boshqa gravyuralardan farq qiladi. Dastlabki Ofort namunasi 16-asrda Germaniyada (D.Xopfer va A.Dyurer tomonidan) yaratilgan. Fransuz J.Kallo, golland Rembrandt, italyan G.Reni, J.Kastilone, ispan F.Goyya, rus I.Shishkin, V.Mate, V.Serovlar Ofortda samarali ijod qildilar. O’zbekistonda O.V. Kedrin, A.Osheyko va boshqalar ijodi bilan boyidi.