Ochiq dengiz
Ochiq dengiz (xalqaro huquqda) — hududiy suv chegaralaridan tashqarida bo’lgan, barcha davlatlar erkin foydalanadigan dengiz sahni. Ochiq dengizdan foydalanish xalqaro huquq rejimi Jeneva konventsiyasi (1958) va boshqa xalqaro huquq normalari bilan tartibga solinadi. Ochiq dengiz haqidagi Konventsiya dengiz bo’yidagi va dengizga yaqin bo’lmagan barcha mamlakatlarga: kemalarning erkin suzish, suv osti kabeli va quvurlar o’tkazish, dengiz ustidan uchish, shuningdek, baliq ovlash, okean osti relefini o’rganish va ilmiy tadqiqotlar olib borish huquqini beradi. Ochiq dengiz erkinligi mutlaq cheksiz emas. Boshqa mamlakatlarning qonuniy manfaatlari bilan hisoblashmay, undan turli maqsadlarda foydalanish man qilinadi (masalan, yadro sinovlari jarayonida dengiz suvini radioaktiv moddalar bilan zaharlash, chiqindilar bilan bulg’ash va boshqalar).