Orasli Hamid Muhammadtag’i o’g’li
Orasli Hamid Muhammadtag’i o’g’li (1909.23.2, Ganja – 1983.21.11, Boku) — Ozarbayjon adabiyotshunosi. Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi akademik (1968), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1968), Filologiya fanlari doktori (1954), professor (1955). Ozarbayjon pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tugatgan (1931). Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Adabiyot va til institutida bo’lim mudiri (1938-65), Nizomiy nomidagi adabiyot muzeyi direktori (1950-68). Oraslining asosiy ilmiy faoliyati Nizomiy va Fuzuliylarning hayoti, ijodining g’oyaviy-badiiy xususiyatlari, Sharq adabiyotida tutgan o’rinlariga bag’ishlangan. Oraslining ilmiy merosi bir adabiyot doirasida bo’lmay, boshqa xalqlar adabiyoti, xususan, o’zbek, turk, Eron, Arab, turkman, gruzin xalklari adabiyotlari o’rtasidagi ko’p asrli aloqalar hamda ularning ichki rivojlanish qonuniyatlarini ochib berishga ko’maklashadi. Orasli Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik ishlari munosabati bilan 1939 y.da birinchi marta Toshkentga kelgan. Keyinchalik, 60-70-yillarda O’zbekistonda o’tkazilgan navoiyxonlik va navoiyshunoslik anjumanlarida faol ishtirok etib, Navoiy hayoti va ijodi haqidagi Ozarbayjon, o’zbek va rus tillarida yozgan maqola va ma’ruzalari bilan ulug’o’zbek shoiri va mutafakkirining boy adabiy hamda ilmiy merosining kam o’rganilgan muammolarini ilmiy asoslarda yoritib berish va ushbu merosni Kavkaz, yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida o’rganish va targ’ib etishda fidoyilik ko’rsatgan. Orasli xalq og’zaki ijodining ham yirik tadqiqotchilaridan. Uning «Kitobi dadam Qo’rqut», «Ko’ro’g’li» dostoni haqidagi tadqiqotlari, «Ashu’ ijodiyoti» monografiyasi (I960) boshqa turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek folklori namunalarini o’rganishda muayyan ahamiyatga ega. Abduqodir Hayitmetov.