Oranj

Oranj (golland shahzodasi Oranskiy nomidan) — Janubiy Afrikadagi daryo. Lesoto, JAR va Namibiya hududlaridan oqib o’tadi. Uzunligi 1860 kilometr, havzasining maydoni 1020 ming km2. Drakon tog’larining g’arbiy yon bag’ridan, 1360 metr balandlikdan boshlanib, baland Vend qurg’oqchil zonasi va kap platosidan oqib o’tadi. Bu yerda daralar hosil qilgan. Atlantika okeaniga quyiladi. Qurg’oqchil joylardan o’tgan qismida o’zani yozda ba’zan qurib qoladi. Yuqori va o’rta oqimida Ostona va sharsharalar bor. Quyi qismi (97 kilometr) tekislikdan oqadi. Yog’ingarchilik mavsumi (noyabr —mart)da daryo to’lib oqadi. Yillik o’rtacha suv sarfi 200 m3/sekund. Suvi loyqa. Okeanga yiliga 15 km3 suv, 153 million tonna oqiziq keltiradi. Suv sarfi yildan-yilga o’zgarib turadi. Daryodan sug’orishda, shaharlarni suv bilan ta’minlashda foydalaniladi. Oranjda gidroenergetika inshootlari qurilgan.