Ozodiy Davlatmamed
Ozodiy Davlatmamed (1700-1760) — turkman shoiri va ma’rifatparvari. Mahtumqulining otasi. Turkman mumtoz adabiyotining yirik vakillaridan biri. Avval eski maktabda, so’ngra Xiva madrasasida o’qigan, Arab, fors tillarini o’rgangan, keyinchalik shu madrasada mudarrislik qilgan. U xalq og’zaki ijodini, Sharq adabiyotlari ulug’ namoyandalari asarlarini chuqur o’rgangan, ular ta’sirida qasida, ruboiy, g’azallar yozgan. 6000 misrali «va’zi ozod» nomli yirik ilmiy risola-dostoni (1753— 54) Ozodiy ijodida muhim o’rin tutadi. Asar masnaviy usulda yozilgan bo’lib, 4 bobdan iborat. 1-qismida mamlakatda tartib o’rnatish, 2-qismida qal’a va saroylar qurish, 3-qismida jamiyatda fan va maorifning o’rni, 4-qismida kambag’allar va darveshlar to’g’risida fikr yuritilgan. Asarda turkman kabilalarini birlashtirish, soliqlarni kamaytirish, kanallar o’tkazish, yo’l va ko’priklar qurish kabi masalalar aks etgan.