Ozodlikdan mahrum qilish

Ozodlikdan mahrum qilish – jinoyat sodir etishda aybdor bo’lgan shaxsni maxsus ajratilgan tarbiyaviy muassasalarda majburiy ravishda jamiyatdan ajratishda ifodalanadigan jazo turi. Ozodlikdan mahrum qilish asosiy va eng og’ir jazolardan biri hisoblanadi. U mahkumlarga nisbatan jiddiy cheklashlar qo’llash bilan bog’liqdir. Mahkum faqat jamiyatdan ajralib qolmasdan, balki harakatlanish, mehnat faoliyatini tanlash erkinligidan ham mahrum bo’ladi, o’z vaqtidan foydalanish imkoniyati cheklanadi va hokazolar. Ozodlikdan mahrum qilishning maqsadi aybdor (jinoyatchi)ni jamiyatdan ajratish yo’li bilan uning jinoiy faoliyatini davom ettirish imkoniyatini yo’qotish, tarbiyalash, shuningdek, boshqa beqaror fuqarolarga ogohlantiruvchi ta’sir ko’rsatishdir. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli moddasi sanktsiyasi Ozodlikdan mahrum qilish to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatilgan hollardagina ushbu jazo chorasi qo’llaniladi. Ozodlikdan mahrum qilish O’zbekiston Respublikasi JK moddasi bilan belgilangan doirada muayyan muddatga sud tomonidan tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish muddati 6 oydan 20 yilgacha belgilangan, bir necha jazolarni qo’yish tartibida esa 25 yilgacha belgilanishi mumkin. Mahkumlar Ozodlikdan mahrum qilish jazosini turli tarbiyaviy muassasalarda o’taydilar, uning turlarini sud o’z hukmida belgilab beradi. Ular manzil koloniyalar, umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalar yoki turmalar bo’lishi mumkin.