Organ

Organ (Yunoncha organon — qurol, asbob) — damli klavishli musiqa cholg’u asbobi. Turli o’lchamdagi (yog’och va metall) trubalar to’plamidan, pnevmatik tizim (havo haydovchi qurilma va havo o’tkazgichlar) dan va boshqarish minbaridan tashkil topgan. Bir qancha klaviaturalari — manuallari (qo’l bilan bosish uchun) va pedallari (oyoq bilan bosish uchun) bo’ladi. 14-asrdan Organ G’arbiy Yevropada avval cherkov, keyinchalik dunyoviy cholg’u asbobi sifatida keng tarqalgan. Asosan, yakkanavoz musiqa asbobi sifatida ishlatiladi. J. Freskobaldi, F. Kuperen, G. Pyorsell, Ya. Svelink, I.S.Bax, F. Mendelson, F. List, M. Reger, S. Frank, 20-asrda B. Britten, P. Xindemit, O. Messian, A. Onegger va boshqalarning Organ uchun yaratgan asarlari mashhur. O’zbekistonda Organ uchun birinchi asarlarni G. Mushel yozgan (syuita, 1947; Organ va violonchel uchun poema, 1948 va boshqalar). O’zbekiston davlat konservatoriyasida Organ sinfi mavjud. O’zbekiston ijrochilaridan R. Karimova, T. Levina va boshqalar tanilgan.