ATEKATLAR
ATEKATLAR, antomeduzalar (Athecata) — dengiz gidropoliplari turkumi. Koloniya bo’lib yashaydi. Koloniyasi butaga o’xshash, suv tubini, chig’anoqlar, suv o’tlari va suv ostidagi boshqa narsalarni qoplab oladi. Atekatlar koloniyasidagi ayrim individlarning himoya g’ilofi — gidrotekasi bo’lmaydi. Atekatlar juda mayda (1 millimetrgacha), ayrim vakillari (Tubularia urug’i) bir necha santimetrdan 70 santimetrgacha, ba’zan 2,3 metrgacha (Branchiocerianthus imperator) bo’ladi. Meduzalari juda mayda (soyabonining diametri 5 millimetrdan 3 santimetrgacha). Polip davrida kurtaklanib ko’payadi. Meduzalari ayrim jinsli, jinsiy hujayralari og’iz paypaslagichlari ektodermasidan hosil bo’ladi. 200 ga yaqin turi ma’lum, ochiq dengizlarda uchraydi.