Qo’ng’iroqgul

Qo’ng’iroqgul – qo’ng’iroqguldoshlar oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi. Shimoliy yarim sharning o’rta kengliklarida, Yevropaning janubi va Old Osiyoda 300 ga yaqin turi tarqalgan. Ba’zi turlari manzarali. O’zbekistonda Qo’ng’iroqgulning 6 turi uchraydi, shundan Fedchenko Qo’ng’iroqguli keng tarqalgan. Bo’yi 10-25 santimetr, ko’p poyali, barglari keng tuxumsimon, keng ellipssimon yoki yumaloq. Gullari to’g’ri, ba’zan biroz zigomorf, shakli qo’ng’iroqsimon, ko’k, zangori, oq, ba’zan binafsha rang, alohida joylashgan. Ro’vak, shingil va boshqa to’pgullar hosil qiladi. Iyun—iyul oylarida gullab urug’laydi. Mevasi ko’sakcha. Tog’larda qoyalarning yoriqla ridao’sadi. Manzarali turi urug’idan, ildiz bachkilaridan va tupini bo’lish orqali ko’paytiriladi. Baland bo’yli Qo’ng’iroqgul guldasta qilish uchun, past bo’ylilari esa gulzor chetlarini bezash uchun ekiladi. Ayrim turlarining ildiz va barglari ovqatga ishlatiladi.