Quruqlikdagi qo’shinlar
Quruqlikdagi qo’shinlar – qurolli kuchlar turi. Asosan, quruqlikda jangovar harakatlar olib borish uchun mo’ljallangan. Aksariyat mamlakatlarda Quruqlikdagi qo’shinlar ularning harbiy qudratining asosini tashkil qiladi. Bir qancha davlatlarda Quruqlikdagi qo’shinlar qo’shin turlari (motoo’qchi, tank, havo-desant, raketa qo’shinlari va artilleriya, havo hujumidan mudofaa qo’shinlari), armiya aviatsiyasi, Maxsus qo’shinlar (muhandislik, kimyoviy, radiotexnika, aloqa, avtomobil, yo’l), front orqasidagi qismlar va muassasalar qismlaridan iborat. O’zbekiston Respublikasida Qurolli Kuchlarning o’zagini tashkil etuvchi Quruqlikdagi qo’shinlar tajovuzkorning zarbalarini qaytarishga, egallab turilgan mintaqalar, marralarni qo’ldan bermaslikka, shuningdek, dushman qo’shinlarining bostirib kirgan guruhlarini tor-mor qilishga mo’ljallangan. Quruqlikdagi qo’shinlar tarkibiga motoo’qchi, tankchi va artilleriya qo’shilmalari va qismlari, havo desanti, hujumchi desant, havo hujumidan mudofaa bo’linmalari, tez harakat qiluvchi kuchlar qismlari, ta’minot qismlari va bo’linmalari kiradi.