ATLAS TOG’LARI

ATLAS TOG’LARI — Afrikaning shimoliy-g’arbidagi tog’lar, Marokash, Jazoir va Tunis hududida. O’rta dengizga parallel joylashgan bir qancha tizmalar va tog’ massivlaridan iborat, ularni platosimon baland tekisliklar (800-1200 metr) bir-birlaridan ajratib turadi. Balandligi 4165 metrgacha (Jabal-Tubkal cho’qqisi), uzunligi 2000 kilometr chamasida. Uchlamchi davr oxirida vujudga kelgan. Zilzilalar bo’lib turadi. Asosan ohaktosh, mergel, har xil gillardan tashkil topgan. Foydali qazilmalardan temir, qo’rg’oshin, rux, kobalt, molibden rudalari, fosforit, tosh-tuz uchraydi. Subtropik mintaqada joylashgan, iqlimi sohilda o’rta dengiz iqlimi, qolgan joylarda chala cho’lga xos iqlim. Atlas tog’laridan Dra va Shelif daryolari boshlanadi. Shimoliy rayonlar landshafti inson tomondan keskin o’zgartirib yuborilgan. Shim. yon bag’irlarida doim yashil o’rmonlar bor.