Qorasuv
Qorasuv — tog’ etaklari, vodiylarda yer osti suvlaridan to’yinadigan soy, daryolar. Manbai qor va muzlar bo’lgan oq suvlardan farq qilib, buloq va sizot suvlari Qorasuv deyiladi. Sababi buloq suvidan hosil bo’lgan soy qoramtir, tog’lardan keladigan muzlik suvlari esa oqish rangda ko’rinadi. Qorasuv ba’zan minerallashgan bo’ladi. Qorasuv zaxob va to’qaydan ham oqib chiqishi mumkin. Suv sarfi fasllarga qarab o’zgarmaydi. Zarafshon va Farg’ona vodiysida ko’proq uchraydi. Tashlama suvlar ham Qorasuv deb yuritiladi. Turkiyada buloq suvi Qorasuv deyiladi. Joy nomlari sifatida ham uchraydi.