Qadoq

Qadoq — odam terisidagi ko’p ishqalanadigan va qisiladigan sohaning qalinlashuvi, ko’proq qo’l va oyoqda bo’ladi. Oyoqdagi Qadoq, asosan, tor poyabzal kiyganda yoki teri chaqalanganda paydo bo’ladi. Ko’pincha jimjiloq va 4-barmoqda uchraydi. Qadoq har xil kattaliqda, sarg’ish bo’lib, ushlaganda qattiq unnaydi, bosganda bezillab og’riydi. Qadoq tagi ildiz hosil qilib, teri osti qavatlariga yaxshi o’rnashib oladi, usti yorilib, mikroblar o’tishi natijasida saramas, flegmona va boshqalar yallig’lanishlar yuzaga kelishi mumkin. Qadoq vujudga kelganda darhol unga sabab bo’lgan omillarni yo’qotish, zarur bo’lsa, ko’chirib tashlash lozim (buni maxsus kosmetikapedikyur xonalarida amalga oshirish mumkin). Qadoqlashgan terini yumshatish maqsadida har kuni kechqurun issiq suvga sovun yoki soda qo’shib oyoqqa vanna qilish kerak. Bu usulni bir necha bor takrorlab, keyin Qadoqni ko’chirib tashlasa bo’ladi. Qadoqlashgan joy katta bo’lsa, vrachga murojaat etish kerak. Qadoqning oldini olish uchun oyoqqa mos poyabzal kiyish, jismoniy ish qilganda maxsus qo’lqoplardan foydalanish, qo’l va oyoq terisini to’g’ri parvarish qilish lozim.