Qulf
Qulf — 1) eshik, darvoza, sandiq, javon va boshqalarni qulflash uchun mo’ljallangan, kalit bilan ochilib-yopiladigan moslama. Asosan, metalldan yasaladi. Dastlab, Ossuriya, Bobil va Misrda taxminan miloddan avvalgi 2-ming yillikda yaratilgan. Qulf tuzilishi va mexanizmining ishlashiga qarab, turli shakldagi quzg’aluvchan plastinalar majmuidan iborat suvaldali, suvaldasiz, tsilindrik, maxfiy xillarga bo’linadi. Suvaldali Qulfda kalit tilining chiqiqlari ma’lum plastinalar qirralari bilan mos kelgandagina buraladi va Qulf ochiladi yoki yopiladi. Maxfiy Qulflarda odatdagi Qulf mexanizmlari elementlaridan tashqari ularni kalit bilan yoki kalitsiz ochishga imkon beradigan harfli yoki raqamli shifr bo’ladi. Maxsus Qulf turlari (masalan, zargarlik buyumlarida qo’llaniladigan Qulflar) ham bor; 2) me’morlikda — gumbaz, ravoq tepasidagi o’rta qism.