Qubod I
Qubod I, qavad (? -531) – Sosoniylar davlati shohi (488-496, 499— 531). Zodagonlar va kohinlarning siyosiy va iqtisodiy qudratini zaiflashtirish maqsadida mazdakiylar harakatiga qo’shilgan va ularning dasturiga mos keladigan bir qancha islohotlar o’tkazgan. Taxminan 496 yil zodagonlar Qubod 1 ni taxtdan ag’darib, o’rniga ukasi Zamaspni o’tqazishgan. Qubod I eftaliylar huzuriga qochib borgan, ularning harbiy yordamida taxtini qaytarib olgan (499). Shundan so’ng zodagonlarga qarshi qaratilgan siyosatini davom ettirgan, mazdakiylik tarafdorlariga yuqori mansablar bergan. Vizantiyaga qarshi muvaffaqiyatli urush olib borgan (502— 505 yoki 506); shimoliy gunnlarning bosqinini qaytargan. Qubod I davrida bir qancha shaharlarga asos solingan, sug’orish kanallari tarmog’i kengaygan va boshqalar, shuningdek Qubod I ning o’g’li Xusrav I Anushirvon davrida nihoyasiga yetgan ichki islohotlarga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Qubod I hukmronligining oxirida mazdakiylar bilan aloqasini uzgan va 3-o’g’li Xusrav (Qubod I ning katta o’g’li — qovus mazdakiylar tarbiyasini olgan) yordamida mazdakiylar tarafdorlarini qatag’on qilishni tashkil etgan (528/529). 527 yildan Vizantiya bilan qaytadan urush boshlagan; u Qubod I ning o’limidan so’ng ham davom etgan.