ATREK
ATREK — Eron va Turkmanistondagi daryo. Uzunligi 669 kilometr. Havzasining mayd. 27,3 ming kilometr kvadrat. Sebaz va Sulax daryolarining qo’shilishidan hosil bo’lib, Turkmaniston-Xuroson tog’laridan boshlanadi va botqoqli Delta orqali Kaspiy dengiziga quyiladi. Atrek qor va yomg’irlardan suv oladi, bahorda to’lib oqadi, yozda esa juda kamayib, quyi qismi butunlay qurib qoladi. Atrek kam suvli daryo, o’rtacha yillik suv sarfi Qizilatrek shahri yaqinida 9,2 metr kub/sekund, maksimal suv sarfi ba’zan 100 metr kub/sekundga yetadi. Yuqori qismida tor, chuqur vodiydan oqadi. Atrek suvi loyqa: har bir m suvda 18 kilogramm oqindi bor. Daryoning ko’p suvi Eronda Mashhad-Kuchan vodiysini sug’orishda sarf bo’lib, Turkmanistonga, xususan yozda suv kam keladi. Atrekning eng katta o’ng irmog’i — Sumbar.