Nosqovoq, nosdon, noskadi
Nosqovoq, nosdon, noskadi — nos solinadigan idish. Og’zi tiqin bilan berkitiladigan bo’g’zi tor, quyi qismi keng shaklda bo’ladi. Qovoq (suv-qovoq) ning po’sti qattiq alohida navidan maxsus o’stirib tayyorlanadi (ba’zan qovoq tuga boshlagandan so’ng istalgan shaklda qolip yasab, unga kiygizib qo’yiladi va kerakli shaklga solinadi); bandi o’rni (bosh qismi)dan teshiladi, ichi qirib tozalanadi, ichi 1-2 kun yog’ga to’ldirib qo’yiladi, yog’qovoq po’stiga shimilgach, rangi jigarrang, qizil tusga kiradi. Shundan so’ng buyum yuzasi silliqlanadi, o’yma va bo’yama naqshlar bilan bezatiladi; mis, birinj, kumush va boshqa xom ashyolardan qopqoq, zanjir, belbog’ qilinadi, ba’zan ko’zmunchoq va tangachalar osiladi hamda qopqoq qismiga qimmatbaho toshlar qadaladi. Farg’ona vodiysida mis, kumush, mol shoxi va boshqalardan dumaloq va ellips shakli (ko’pincha obdasta ko’rinishi)da yasalgan turi nosdon deb ataladi.