Namangan «karbonam» aktsiyadorlik jamiyati

Namangan «karbonam» aktsiyadorlik jamiyati – «O’zkimyosanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxona. Asosiy ishlab chiqarish mahsulotlari: texnik, tozalangan karboksilmetilsellyuloza, Burg’ilash reagenti, shuningdek, xalq iste’moli mollari, gulqog’oz yelimi va boshqalar ishlab chiqaradi. Namangan kimyo zavodi nomi bilan 1942 yilda neftni qayta ishlash sanoati uchun karboksilmetilsellyuloza ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan. 1983 yilda zavodda tozalangan karboksilmetil-tsellyuloza ishlab chiqarish bo’yicha yangi tsex ochildi. 1991 yilgacha zavod sobiq Ittifoq tarkibiga kiruvchi respublikalarning neft-gaz sanoati ehtiyojlarini ta’minlovchi ushbu turdagi mahsulotlarning asosiy ishlab chiqaruvchisi edi. Korxona 1997 yildan «Karbonam» ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Zavod texnik va tozalangan karboksilmetilsellyuloza ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyoda yagona korxona. Farg’ona furan birikmalari zavodida ishlab chiqariladigan tsellyuloza asosiy xom ashyo hisoblanadi. Korxona mahsulotlarining 30% ichki bozorga, qolgan qismi eksportga chiqariladi. Asosiy iste’molchilari — neftni qayta ishlash va lok-bo’yoq sanoati korxonalari. Namangan «karbonam» aktsiyadorlik jamiyati yiliga 13 ming tonna texnik va 2,6 ming tonna tozalangan karboksil-metil-tsellyuloza ishlab chiqarish quvvatiga ega.