Magellan
Magellan, Magalyaynish Fernan (taxminan 1470, Portugaliya — 1521.27.4, Maktan oroli, Fillipin) — portugaliyalik dengizchi sayyoh. Magellan ekspeditsiyasi birinchi dunyo aylana suzishni amalga oshirdi. 1505-12 yillarda portugallar ekspeditsiyasida qatnashib ikki marta (1509-11) Malakkagacha borgan. Magellan Lissabonga qaytgach, 1517 yil Ispaniyaga o’tib, Molukka orollariga g’arbiy yo’l bilan suzib borish to’g’risidagi o’zi ishlab chiqqan loyihani Ispaniya qiroliga taqdim qildi. 1519-21 yillarda 5 kemadan iborat Ispaniya ekspeditsiyasi (265 odam)ga boshliq etib tayinlangach, 1519 yil 20 sentabrda Sanlukarde Barrameda bandargohidan (Ispaniya) yo’lga chiqadi va 1520 yil yanvarda La-plataning dengiziga quyilish yeriga yetib boradi. Fevralda janubga suzishni davom ettirib noma’lum erning 2000 kilometrdan ziyod sohilini (Magellan u joylarni Patagoniya deb atagan) ko’zdan kechirdi. Magellan 1520 yil mart oyida Sanxulian buxtasida 3 kemada ko’tarilgan isyonni bostirdi va o’sha yerda qishlab, 1520 yil avgustda 4 kemada suzishda davom etdi. Kemalar olovli yer oroli bilan materik oralig’idagi bo’g’oz (keyinchalik Magellan nomiga qo’yilgan) orqali o’tib noma’lum okeanga chiqdi. Magellan hamroxlari keyinroq uni tinch okean deb atagan. To’xtovsiz qariyib 17 ming kilometr masofani o’tib, avval Mariana orollariga, so’ngra Filippin orollariga yetib borishdi. Magellan Maktan orolida mahalliy xalq bilan to’qnashuvda o’ldirildi. Magellan hamrohlari tinch okean orqali g’arbga suzib, Afrikaning Janubiy orqali faqat bitta «Viktoriya» kemasida (X. S. Elkano qo’mondonligida) 1522 yil Ispaniyaga qaytib, dunyo aylana suzishni yakunladilar. Bu ekspeditsiya yerning sharsimonligini amalda uzil-kesil isbotladi, yagona dunyo okeani mavjudligini, yer yuzasining ko’p qismi suv bilan qoplanganligini ko’rsatdi. Ad.: Pigafetta A., Puteshestvie Magellana, Per, s ital., M., 1950; Magidovich I. P., Magidovich V. I., Ocherki po istorii geograficheskix otkritiy, 3 izd., M., 1983.