Nitrogliserin
Nitrogliserin, glitserin trinitrat, trinitrin, O2NOCH(CH2ONO2)2 — gliserin va nitrat kislotaning murakkab efiri. Molekulyar modda 227,14; rangsiz yopishqoq suyuqlik, zichligi 1,591 g/sm3 (25° da), qotish temperaturasi 13,2°. Benzinda, suvda erimaydi, atseton, efir va benzolda yaxshi eriydi. Glitserinni nitrat va sulfat kislota aralashmasida eterifikasiyalab olinadi. Nitrogliserinni ilk bor 1846 yilda italiyalik olim A. Sobrero sintez qilgan. 19-asrning 60-70-yillarida A. Nobel taklifiga binoan, sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Nitrogliserin juda kuchli portlovchi modda. Tutunsiz porox, shuningdek, Dinamit ishlab chiqarishda qo’llanadi. Tibbiyotda spirtdagi 1% li eritmasi va tabletkasi ishlatiladi. Asosan, bosh, yurak va gavdaning yuqori qismi terisidagi kon tomirlarni kengaytiradi. Yurak va miya tomirlari spazmida buyuriladi.