Nitrozobirikmalar

Nitrozobirikmalar (S – nitrozobirikmalar) — molekulasida uglerod atomlari orqali bog’langan bir yoki bir nechta nitrozoguruh —N=0 tutgan organik moddalar. Nitrozobirikmalar, odatda, monomer va dimerlarning muvozanat holatidagi aralashmasi ko’rinishida mavjud bo’ladi. Monomer Nitrozobirikmalarni nomlashda asos birikmalar nomiga «nitrozo» qo’shimchasi qo’shiladi. Nitrozobirikmalarning aksarisi dimer ko’rinishidagi holatda bo’ladi, ammo organik qoldiqqa elektronaktseptor o’rinbosarlar kiritilishi monomerlar paydo bo’lishiga olib keladi. Dimer Nitrozobirikmalarda trans-izomerlar tsis-izomerlarga nisbatan barqarorroq. Eritmalarda yoki qizdirilganda dimer Nitrozobirikmalar dissosiatsiyaga uchraydi. Monomer Nitrozobirikmalar — gazlar yoki havorang yoki yashil rangli suyuqliklar, suvda yaxshi eriydi. Dimer Nitrozobirikmalar — rangsiz kristallar, qutbli erituvchilarda yaxshi eriydi. Nitrozobirikmalar birlamchi aminlarni Karo kislotasi ta’sirida yoki gidrooksilaminlarni organik perkislotalar bilan oksidlash usulida olinadi. Geterosiklik birikmalar, aminokislotalar va boshqalar sintezida, bo’yagichlar, dorivor preparatlar, elasto-merlar, issiqqa chidamli kauchuklar ishlab chiqarishda qo’llanadi. Ba’zi Nitrozobirikmalar Mutagen va kantserogen faol moddalar, teri kasalliklarini paydo qiladi.