Nikitin Afanasiy
Nikitin Afanasiy (? – 1472) – rus sayyohi, tverlik savdogar. 1466 yil Tver shahridan chiqib Janubga ketayotgan karvonlar bilan birga Volga daryosi va Kaspiy dengizi orqali Darbandga, Shemaxa xonligi orqali Bokuga yetib kelgan. Sungra Eron orqali yurib 1469 yil Xo’rmuz shahriga, undan Arabiston dengizini suzib o’tib Hindistonga yetib borgan va o’sha yerda qariyb 3 yil yashagan. Vataniga qaytishda Afrika sohilida (Somali), Arabiston yarim orolida (Maskat) bo’lgan. So’ngra yana Eron shaharlari orqali yurib Trabzon shahriga yetib boradi. Qora dengizni suzib o’tib, 1472 yil Kafa (Feodosiya) sh.ahriga, undan Kiyevga yetib borgan. Tverga qaytishda vataniga yetmasdan o’sha yili kuzda Smolensk shahri yaqinida vafot etgan. Sayohat davomida Nikitin Hindistonning ijtimoiy tuzumi, davlatni boshqarish, xo’jalik hayoti, dini, xalqining urf-odati, qisman tabiati haqida xilma-xil ma’lumotlar to’pladi. Hindiston va Eronda barcha ko’rgan-kuzatganlari haqidagi xotiralarini, shuningdek, Shri Lanka, Xitoy va boshqa mamlakatlar haqida boshqalardan eshitganlarini «uch dengiz osha» kundalik daftariga yozib qoldirgan. Undagi aniq faktik materiallar Hindistonning o’sha davrdagi ijtimoiy hayoti haqida muhim manbadir. Tver shahrida 1955 yilda Nikitinga haykal qo’yilgan. Ad.: Vitashevskiy M.N., Stranstviya Afanasiya Nikitina, M., 1972.