AXAL VILOYATI

AXAL VILOYATI (sobiq Ashxobod viloyati) — Turkmaniston tarkibidagi viloyat. 1973 yil 27 dekabrda tashkil etilgan. Maydoni 95,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 875 ming kishidan ziyod (1997; Ashxobod shahri aholisisiz), asosan turkmanlar, shuningdek ruslar, o’zbeklar, ukrainlar, balujlar va boshqalar yashaydi. Shaharliklar 62%. Axal viloyatida 9 tuman, 3 shahar va 13 shaharcha bor. Markazi — Ashxobod shahri. Viloyatning kattagina qismini Qoraqum (hududining 90% dan ziyodi) egallagan, Janubda Kopetdog’ tog’lari joylashgan. Foydali qazilmalari: tabiiy gaz (Markaziy Qoraqum gazli rayoni) va mineral qurilish materiallari (tsement xom ashyosi, ohaktosh, qumoq, dolomit, qurilish qumi va tosh). Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 0,2°, iyulniki 30,9°. Yiliga 140 millimetrdan (Qoraqumda) 250 millimetrgacha (Kopetdog’ tog’larida) yog’in yog’adi. Asosiy daryosi — Tajan, shuningdek sug’orishda foydalaniladigan kichik soylar bor. Viloyat hududidan Qoraqum kanalo’o’tadi. 6 suv ombori qurilgan; eng yiriklari: 1-Tajan, 2-Tajan, xor-xor va Kopetdog’. Sur tuproq, taqirsimon, o’tloq va cho’l qumloq tuproqlar tarqalgan. Buta-efemer o’simliklari o’sadi. O’rmonlar viloyat hududining 0,04% ni egallaydi (asosan Kopetdog’ tog’larida va Tajan daryosi vodiysida). Axal viloyatida ishlov beruvchi sanoat, sabzavotchilik, polizchilik va tokchilik yetakchi o’rinda. Energetikasi Mari GRES va Buzmayin GRESdan keladigan energiya va tabiiy gazda ishlaydi. Sanoatining asosiy tarmog’i — yengil sanoat (paxta tozalash va ip gazlama). Poyabzal, tikuvchilik, gilam to’qish, ipak yigiruv va trikotaj fabrikalari bor. Oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati (g’isht, tsement, temir-beton buyumlar, shisha va boshqalar ishlab chiqarish), mashinasozlik (shu jumladan neft va elektrotexnika) va metallsozlik rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari — Ashxobod, Tajan, Buzmayin. Qishloq xo’jaligi paxta, sabzavot, poliz ekinlari, uzum yetishtirish va bog’dorchilikka ixtisoslashgan. Chorvachilikda sut-go’sht yetishtiriladi. Qoramol, qo’y, echki, tuya, yilqi boqiladi. Axal viloyati hududidan O’rta Osiyo temir yo’l o’tgan, avtomobil yo’llari bor. Ashxobodda aeroport mavjud.