Ishonch yorlig’i

Ishonch yorlig’i – biror shaxsning muayyan mamlakatda elchi yoki diplomatic vakil sifatida tayinlanganligini tasdiqlovchi rasmiy xat shaklidagi maxsus hujjat. Yorliq xorijiy davlat boshlig’i nomidan uni qabul qiluvchi davlat boshlig’iga yo’llanadi. Ishonch yorlig’ida mazkur shaxsga davlat manfaatlarini ifodalash topshirilganligi, uning so’zlari va harakatlariga ishonish lozimligi ta’kidlanadi. Davlat boshlig’i tomonidan Ishonch yorlig’ining qabul qilinishi tayinlangan va yetib kelgan xorijiy mamlakat yoki xalqaro tashkilot elchisi yoki diplomatik vakili mazkur davlatda akkreditatsiya qilingani, ya’ni o’z vazifalarini bajarishga rasman kirishganligini bildiradi. Diplomatik vakillar vazifalarining tugashi davlat boshlig’iga chaqiruv yorlig’ini taqdim etish bilan rasmiylashtiriladi. O’zbekiston Respublikasida bu boradagi qonun-qoidalar «O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va chaqirib olish tartibi» to’g’risidagi qonun (1992 yil 3 iyul) bilan belgilanadi. Mazkur qonun «diplomatik aloqalar to’g’risida»gi Vena konventsiyasi va boshqa umum e’tirof etgan xalqaro huquqiy normalar va qoidalarga to’la muvofiqdir.