Ivitish

Ivitish — 1) to’qimachilikda — tolali o’simliklar (kanop, zig’ir, jut va boshqalar) poyasidan tolalarni ajratib olish- ga tayyorlash jarayoni; bunda tolalarni bir-biriga yopishtirib turgan pectin moddalar eriydi (parchalanadi). Poya yoki uning po’stlog’ini sovuq yoki issiq suvda, bug’da, har xil kimyoviy moddalar ta’sirida, dalaning o’zidagi namgarchilikda Ivitish mumkin. Suvda Ivitish har xil mikroorganizmlarning faoliyatiga asoslangan. Sovuq suvda Ivitishda poya yoki po’stloq bog’-bog’ qilib tabiiy (daryo, ko’l, hovuzlar) yoki sun’iy suv havzalaridagi suvga botirib qo’yiladi. Bunda suvning temperaturasi havoning temperaturasiga bog’liq bo’lib, 20— 25° dan ortmaydi. Sovuq suvda poya yoki po’stloq havoning temperaturasiga qarab 10— 30 kunda yetiladi; bunda ivish jarayoni bir tekis bormaydi. Suvning sirtida turgan poyalarda mog’or zamburug’larining o’sishi uchun yaxshi sharoit yaratiladi; suvga botgan qismining suv sirtiga yaqinroq joyida aerob bakteriyalar, pastki qatlamlarida esa anaerob bakteriyalar rivojlanadi. Bunday har xil mikrofloralar poya va po’stloqlarning bir tekis ivib etilishiga imkon bermaydi. Suvning pastki qismida temperatura ustki qismiga qaraganda ancha past bo’lgani uchun ham poyaning hammasi bir tekis ivimaydi. Issiq suv (36-38°) da poya yoki po’stloqlar, odatda, yopiq xonalardagi temir-beton baklarda ivitiladi: 3-6 t poya yoki po’stloq sig’adigan Bakning suv, regenerat (oldingi ivitishdan qolgan va har xil usullar bilan tiklangan suyuqlik) va bug’keladigan hamda ishlatilgan suyuqlik chiqarib yuboriladigan quvur va jo’mraklari bo’ladi. Oldin Bakka poya yoki po’stloq bog’larini joylab, so’ngra Bakka suyuqlik to’ldiriladi. Suyuqlik har 10— 12 soatda qisman almashtirib turiladi. Suyuqlik temperaturasini birday tutib turish uchun Bakka bug’ berib turiladi. Issiq suvda ivitganda kanop, jutni Ivitish 7-8 kun, zig’ir va kanopni I. 3 kun davom etadi. Issiq suv bilan Ivitish jarayoni bir tekis o’tadi va tola sifatli chiqadi. Poya yoki po’stloq issiq suvda ivitilganda avvalo aerob, so’ngra anaerob bakteriyalarning «ish» faoliyatidan foydalaniladi. Zig’ir poyalarini namgarchilik paytida dalaning o’zida yoyib Ivitish mumkin. Bunda shudring yoki yomg’ir ivituvchi suyuqlik vazifasini o’taydi. Bu usul zamburug’larning faoliyatiga asoslangan. Zamburug’lar yuqori namlik, aeratsiya va ma’lum temperaturada yaxshi rivojlanadi va pektin moddalarini parchalaydi. Ivitishning kimyoviy va bug’lash usullari ham bor. Kimyoviy usulda turli moddalar (tuzlar, kislotalar, ishqorlar va b.)ning eritmalari qo’llaniladi. Bular pektin moddalarini gidrolizlaydi. Bug’lab Ivitishda poyalar oldin suvda ivitiladi, so’ngra bug’lanadi. O’zbekistonda, asosan, kanop poyalari ivitiladi; 2) guruch, no’xat, jo’xori va boshqa donlarni ovqatga ishlatishdan oldin suvga solib yumshatib olish; 3) yemni suvga solib yumshatib qo’yish; 4) qatiq tayyorlash (qatiq ivitish).