Ierarxiya

Ierarxiya (Yunoncha hierarchia, hieros — avliyo va arche — hukmronlik, hokimiyat) — bir butun narsa yoki hodisalar ayrim qismlari yoki elementlarining yuqoridan quyiga tomon bir tartibda joy olishi. Fanga Ierarxiya tushunchasi 19-asrning 2-yarmida kirib keldi. Dastlab Ierarxiya jamiyatning sinfiy tabaqalanishini va hokimiyat tuzilishini tavsif etish maqsadida qo’llanilgan. 20-asrdan boshlab esa har qanday ob’yekt sistemasini tavsif etishda qo’llanila boshlandi. Biologiyada Ierarxiya termini bir guruhga mansub hayvonlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni, ya’ni ularning oziqqa, qarama-qarshi jinsga yoki qulay pana joyga ega bo’lish borasidagi faoliyatini boshqarib turadigan xatti-harakatlarni ifodalaydi. Ierarxiya turg’un bo’lmasdan vaziyatga qarab o’zgarib turishi (nisbiy dominantlik) yoki mutlaq bo’lishi (mutlaq dominantlik) mumkin. Mutlaq dominantlik ko’pincha to’g’ri chiziqli (yo’nalishli) xususiyatga ega (masalan, A individning B ustidan, B ning esa V ustidan va hokazolar tarzda ustunlik qilishi) bo’lib, har bir individning guruhda o’z mavqei bor. Chiziqsiz Ierarxiyada uning tarkibiy qismlari o’rtasida munosabatlar sharoitga qarab o’zgarib turadi: masalan, uchinchi individ bo’lganida A individ B dan, u bo’lmaganida B individ A dan ustunlik qiladi (tobe mavqelar). Ko’pincha guruxda erkak va urg’ochi hayvonlar mustaqil o’z Ierarxiya sistemasiga ega bo’ladi. Boshqa hollarda esa erkak hayvonlar urg’ochilari ustidan, voyaga yetgan hayvonlar yosh hayvonlar ustidan dominantlik qiladi. Erkaklari ko’p bo’ladigan primatlar to’dasida Ierarxiya sistemasi juda murakkab. Guruh bo’lib yashamaydigan hayvonlarda individlar soni oshib ketganida nisbiy dominantlik yuzaga keladi. Guruhdagi hayvonlar soni kam bo’lganida esa ular o’rtasida maydonga egalik qilish xatti-harakatlari namoyon bo’ladi. Jamoa bo’lib yashaydigan yoki murakkab guruhlar hosil qiladigan hayvonlarda dominantlik kontsepsiyasi o’rniga boshqacha munosabatlar, masalan, individlarning vazifasiga binoan o’zaro munosabatlari asosiy ahamiyatga ega bo’ladi. Biologiyada Ierarxiya tushunchasi har xil ob’yekt va jarayonlarga tavsif berishda keng qo’llaniladi (masalan, tabiiy jamoalar Ierarxiya strukturasi, organizm regulyator sistemasi Ierarxiyasi, taksonlar Ierarxiyasi va hokazolar).