AXMATOVA
AXMATOVA (taxallusi; haqiqiy Familiyasi Gorenko Anna Andreyevna) (1889.11.6, Odessa— 1966.5.3, Moskva viloyati Domodedovo shahri; Sankt-Peterburgda dafn etilgan) — rus shoirasi. 1910 yildan asosan Peterburgda yashagan. Birinchi she’rlar kitobi «Oqshom» 1910 yilda chiqqan. «Tasbeh» (1914), «Oqgala» (1917), «Bargizub» (1921) va boshqa kitoblaridagi she’rlarida lirik kechinmalar, tanholik tuyg’ulari ifodalangan. Inqilobiy voqeliqdan uzoq bo’lsada, Axmatova bari bir muhojirlarni, ya’ni vatangado kishilarni qoralab she’rlar yozadi («men o’z yerini tashlaganlar bilan birga emasman…»). Bir necha yillar mobaynida Axmatova ijodining yangi qirralari shakllandi, asarlarida Vatan mavzui ustunlik qila boshladi. 30 —40 – yillardagi she’rlarida Vatan, vatanparvarlik mavzulari keng aks etgan («Oltin kitobdan», 1940; «Tanlangan asarlar», 1944). 2-jahon urushi yillarida Toshkentda yashab, «Toshkent she’rlari» (1944) turkumini yaratgan. «Qahramonsiz poema» (1940 — 62) asari — Axmatova ijodining cho’qqisi. «Vaqtning tez o’tishi» (she’riy to’plam, 1965) kitobida Axmatova ijodining o’ziga xos tomonlari aks etgan. Sharq, G’arbiy Yevropa shoirlari ijodidan tarjimalar qilgan («Koreya mumtoz she’riyati», 1958; «Sharq mumtoz she’riyati», 1969 va boshqalar). Axmatova nazmi umuman badiiy soddaligi, lo’ndaligi va uslubining oydinligi, obrazlarining aniqligi va odmiligi, chuqur lirikligi va musiqiyligi bilan alohida ajralib turadi. She’rlari o’zbek tiliga tarjima qilingan (1966,1969). Toshkentda Axmatova yashab ijod etgan uy o’rnida qurilgan binoga (Sodiq Azimov ko’chasi, 54) shoira xotirasini abadiylashtiruvchi lavha o’rnatilgan (1976).