Puflama sozlar musiqasi

Puflama sozlar musiqasi – puflab chalinadigan sozlar ijrosidagi musiqa. Puflama hamda urma musiqa chol-g’ularidan iborat orkestr (yoki ansambl), shuningdek yakka sozlar uchun moslangan musiqa namunalaridan iborat. Qadimdan turli marosim, rasmiy tadbir, harbiy mashq va yurish, milliy bayramlarda ijro etilgan signal, o’yin-raqs, tantanavor va boshqa kuylardan tashkil topgan. O’rta Osiyoda surnay, karnay va nog’ora (yoki surnay — doyra va boshqalar) dan iborat ansambl ijrosidagi musiqa namunalari o’zbek, tojik, uyg’ur va boshqa xalqlar merosidan keng o’rin olgan.