Papuaslar

Papuaslar (malayyacha papuwa — jingalak) — xalqlar guruhi, G’arbiy Melaneziyaning tub aholisi. Yangi Gvineya oroli va Timor orolining Sharqiy qismi tub joy aholisining katta qismini umumlashgan nomi (enga, Chimbu, Xagen, kamano, xuli va boshqalar). Umumiy soni 4,8 million kishi (1987). Melaneziya irqiga mansub. Papuas tillarida so’zlashadi. Dindorlari ajdodlar kulti, magiya va totemizmga e’tiqod qiladi. 19-asr oxiridan Missionerlar ta’siri ostida xristianlik tarqalgan, hozirgi ko’pchilik Papuaslar rasman uni qabul qilishgan. Asosiy mashg’uloti — dehqonchilik, cho’chqachilik, baliq ovlash, qisman ovchilik. Papuaslarni etnografik jihatdan o’rganishga rus tadqiqotchisi N.N. Mikluxomaklay katta hissa qo’shgan.