AXCHAKUL
AXCHAKUL — Qoraqalpog’iston Respublikasidagi ko’l. Beruniy tumani hududida, Sulton Uvays tog’larining Janubiy-Sharqiy etagida joylashgan. Axchakul Janubiy Oqchadaryo deltasidagi pastqam sho’rxoklikda sug’orishdan ortgan tashlama suvlarning to’planishi natijasida 70-yillarda vujudga kelgan. Uzunligi 12 kilometr, eni 2 kilometr, o’rtacha chuqurligi 1,5 — 3 metr. Ko’lning katta qismi qamish, qo’g’a va gidrofitlar bilan band. Keyingi yillarda ko’lga zovur suvining tushishi (Beruniy tashlamasi va boshqalar) natijasida sho’rligi ortdi. Sho’rligi 1 l da 10 — 12 gramm. Baliqchilikda foydalaniladi.