XIV asrning oxiri va XV asrda Samarqandning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti ancha yuksaldi. Temur vujudga keltirgan yirik imperiyaning poytaxti sifatida Samarqand xuddi shu davrda jahonga mashhur bo’ldi.
Nomi jahon tarixiga kirgan va O’rta Osiyo, shu jumladan, Samarqand tarixi bilan chambarchas bog’lgangan Temurning ziddiyatli shaxsiga qisqacha xarakteristika berishga urinib ko’ramiz. Boshqa tarixiy shaxslar singari Temurga ham xarakteristika berishda lenincha fikrlarga asoslangan holda bunday shaxslarning faoliyatini baholashga konkret, sinfiy yondashish birdan-bir to’g’ri ilmiy kriteriya hisoblanadi. V.I.Lenin “tarixda o’tgan arboblarning ko’rsatgan tarixiy xizmatlari to’g’risida hukm chiqarganda, ularning hozirgi zamon talablariga nisbatan to’g’ri keladigan narsalar berganliklariga qarab hukm chiqarilmaydi, balki ularning o’zlaridan avval o’tganlarga nisbatan qanday yangiliklar berganliklariga qarab hukm chiqariladi”, degan edi.
Temur Movarounnahr siyosat maydonida XIV asr 50-yillarining oxiri va 60-yillarining boshlarida paydo bo’ldi. Ana shu vaqtda o’zaro urushlarda o’ldirilgan Chingiz avlodining so’nggi vakili Chig’atoy ulusidan Qozonxon o’rniga Amir Qozog’on hokim bo’ldi (1346-1358), ammo u ham mo’g’ul qo’shinlarining boshlig’i Tug’luq Temur tomonidan o’ldirildi.
Feodal tarqoqlik hukm surgan Movarounnahrda Shahrisabz, Buxoro, Termiz, Badaxshon, Xo’jand, Shosh (Toshkent) hokimlari bir-birlari bilan tinimsiz urushib turdi. Nizolar, g’alayonlar, aholini qirish va talash mamlakat va xalqqa mislsiz azob-uqubat va kulfatlar keltirar edi. Ana shu feodal urushlarida Temur ham qatnashdi. O’zining iste’dodi va uddaburonligi tufayli harbiy boshliq darajasiga ko’tarildi.
Amir Temur ibn Tarag’ay Bahodirning hayoti va faoliyatida ikki davr alohida ajralib turadi. Birinchi davr (1360-1386) shu bilan xarakterlanadiki, Temur markazlashgan hokimiyatni vujudga keltirishdan manfaatdor bo’lgan zodagonlar bilan birgalikda mamlakatning tarqoqligiga, qonxo’r va shuhratparast mayda beklar va sultonlar o’rtasidagi qonli urushlarga qarshi, Movarounnahrda mo’g’ul xonligiga bog’liq bo’lmagan kuchli, mustaqil feodal davlatini tuzish uchun kurash olib bordi. Ikkinchi davr (1386-1402) Temurning uch yillik, besh yillik va yetti yillik deb atalgan harbiy yurishlari bilan xarakterlanadi.
Temurning Hindiston, Eron, Iroq, Zakavkazye, Misr, Turkiya territoriyalarini, Rusning janubiy rayonlarini bosib olish maqsadida olib borgan yurishlari, shubhasiz, talonchilik, bosqinchilik xarakterda bo’lib, shu boisdan Amir Temur xalqlar xotirasida, tarixiy solnomalarda zolim istilochi sifatida aks etgan. Temurning safdoshlaridan biri Sharafuddin Ali Yazdiy Temur qo’shinlarining shahar va qishloqlarni vayron qilganliklarini va odamlarni shafqatsiz qirganliklarini batafsil tasvirlaydi. To’g’ri, Sharafuddin Ali Yazdiy bu yovuzliklarning har biriga ob’yektiv sabablarni ro’kach qilmoqchi bo’ladi. Biroq asar shunday yozilganki, sog’lom fikr yurituvchi mamlakatlarda qilgan yovuzliklarini keskin qoralaydi.
K.Marks Temur haqida bunday deb yozgan edi: Temur o’zi tuzgan yangi podsholik uchun davlat tuzumi va qonunlar joriy etdi, ammo bular uning buyrugiga asosan qo’shinlari tomonidan qilingan vahshiylik va vayronagarchilikka tamomila ziddir. Sovet tarixchilari va avvalo, taniqli sharqshunos A.Yu.Yakubovskiy Temur faoliyatiga ob’yektiv, marksistik baho berdilar.
Temurning butun faoliyati o’z hokimiyatini mustahkamlashga, Movarounnahrda qudratli birlashgan davlatni vujudga keltirishga qaratilgan edi. Mamlakatning xo’jalik, siyosiy va madaniy hayotida u o’tkazgan tadbirlar ana shu maqsadga qaratilgan edi.
Temur hokimiyat tepasiga kelgandan keyin uning o’tkaza boshlagan siyosatlaridan biri muntazam ravishda o’tkazilgan qurultorlardir. Sharafuddin Ali Yazdiy Qarshida, Qorabog’da, Samarqandda va boshqa shaharlarda qurultoylar o’tkazilaganligi, bu qurultoylarga shahzodalar, majabdorlar, katta amaldorlar, ma’murlar, harbiy boshliqlar va oqsuyaklar namoyandalari taklif qilinganligi to’g’risidagi ma’lumotlar keltiradi.
Yazdiy eng yuqori feodal tabaqalarning kengashi sifatida Temur chaqirgan qurultoylarning sinfiy mohiyatini ochib beradi. Bu qurultoylarda mamlakatning kechiktirib bo’lmaydigan xo’jalik va harbiy ishlari muhokama qilinar, mamlakat va davlat uchun hayotiy muhim qarorlar qabul qilinar edi.
Temur madaniyat, fan, arxitektura masalalariga, ayniqsa ilm-fanning matematika – riyoziyot, geometriya – handasa, arxitektura – me’morlik, astronomiya – hayat, aabiyot, poeziya, tarix, muzika – musiqa singari sohalarini rivojlantirishga ko’p e’tibor berar edi.
Temur Samarqandni go’zal shaharga aylantirish to’g’risida ham katta g’amxo’rlik qilar edi. Ancha uzoq davom etgan tanaffusdan keyin, uning davrida shaharda keng ko’lamda qurilish ishlari olib borila boshladi. Sharafuddin Ali Yazdiy ham, Ryui Gonzales de Klavixo ham shu haqda xabar qiladilar. Ryui Gonzales de Klavixo bunday deb yozgan edi: “Samarqand shahrida Xitoydan, Hindistondan, Tataristondan va boshqa turli joylardan keltirilgan hamda Samarqand podsholigining o’zida ishlangan har xil mollar sotiladi… Unda (Samarqandda) barcha narsalarni tartib bilan sotish uchun katta joy bo’lmagach, podsho shahar bo’ylab katta ko’cha chiqarishni, uning ikki tomoniga mol sotish uchun rasta va do’konlar qurishni buyurdi. Bu ko’cha shaharning bir chetidan boshlanishi va butun shahar orqali o’tib, ikkinchi chetigacha borib yetishi kerak edi. Podsho bu ishni o’zining ikki mirrosiga (mirzosiga) topshirdi va ular bu vazifani bajarishga astoydil kirishmasa, kishilarni erta-yu kech ishlashga majbur etmasa, u holda boshlari ketishlarini uqtirdi. Miroslar ishga kirishdilar. Podsho ko’rsatib bergan yerdan ko’cha qurila boshladi. Ko’cha o’tadigan yerlarda uchraydigan uy-joylar kimniki bo’lishidan qat’iy nazar bu joylar buzib tekislandi. Uy egalari ham bu ahvolni ko’rib bor-yo’q narsalarini olib boshqa joylarga ko’chib ketaveradilar. Bir guruh odamlar buzish ishlarini tugatishi bilanoq, boshqa birlari shu ondayoq qurilishni boshlab yuborishar edi. Ko’chani keng olib, uning har ikki tomoniga savdo do’konlari qurishdi; har bir do’kon oldida oq toshlar bilan qoplangan baland kurshilar qo’yildi. Barcha do’konlar ikki qavatli bo’lib, ularning tepasi esa butun ko’cha bo’ylab gumbaz qilib qoplab olingan, yorug’lik tushsin uchun gumbaz sahnida derazalar o’rnatilgan edi. Do’konlar bitishi bilan ularga turli xil mol sotuvchi savdogarlarni o’rnashtirar edilar. Ko’chaning har yer-har yerida hovuzlar qazilgan bo’lib, ularga suv to’lg’azib qo’yilgandi. Bu yerda ishlayotganlar maoshni shahar hisobidan olar edi. Ana shu ishga boshliq bo’lgan kishi qancha odam talab qilinsa, shuncha olib ishlatishlari mumkin edi. Kunduz kuni ishlagan kishilar kech kirishi bilan uy-uylariga ketishar va ularning o’rniga kechasi ishlash uchun boshqalari kelishar edi, ayrimlari uylarni buzar, boshqalari esa yer tekislar, ular kecha-yu Kunduz shunchalik shovqin-suron qilishar ediki, bu yerda bamisoli jinlar uya qurgandek edi. Natijada kishini hayratga soladigan ishlar qilindi”.
O’rta asr san’ati tarixi tadqiqotchilarning fikricha, XIV asrning oxiri va XV asrning boshlarida umuman Movarounnahrda, shu jumladan, Samarqandda O’rta va Yaqin Sharq xalqlari badiiy tafakkurining eng yaxshi yutuqlarini o’zida ifodalangan, Movarounnahrning original, o’ziga xos madaniyatini rivojlntirish asosida yangicha san’at vujudga keldi. XIV asrning oxiridan boshlab Movarounnahr Yaqin va O’rta Sharqda ijodiy kuchlarining asosiy markaziga aylana borishi bilan san’atda yangi yo’nalish paydo bo’ldi. Buni, hatto bayon qilinayotgan davrda yashagan kishilar ham ochiq-ravshan e’tirof qiladilar. Masalan, Ibn Arabshoh Temurning shahar chekkasidagi saroylari to’g’risida hikoya qilar ekan, bu saroylar “yangi uslubda” qurilganligini ko’rsatib o’tadi. Jumladan, arxitekruaning yangi ifodali vositalarini qidirish, o’sha davrda butun Sharqda tenggi bo’lmagan hashamat, dabdabaga erishgan rang-barang bezakda o’z aksini topdi. XIV-XV asrlardagi O’rta Osiyo tasviriy san’ati sohasida o’rta asr traditsion adabiy syujeti bilan bir qatorda, zamonaviy tematikadan foydalanish, janrlar, kompozitsiya xilma-xilligiga, rasm solish mahoratini takomillashtirish va bu kabilarga intilish tendensiyasi ko’zga tashlanadi.
XV asrda bezakli-badiiy buyumlar hunarmandchiligi yuksak darajaga ko’tarilgan edi. Uning rivohlanishi arxitektura, tasviriy san’at, turmush buyumlari san’ati bilan o’zaro uzviy bog’langan holda bordi. Turli san’atlarning bir-biriga singib borishi yog’och va toshga o’yib naqsh solishda ham, gilam to’qishda ham, qo’lyozma kitoblarni bezashda ham, metall va sopol idishlarning eng yaxshi namunalarida ham o’z ifodasini topdi.
Temur va temuriylar davrida Samarqandda Ko’ksaroy, Jome masjidi va Bibixonim madrasasi, Shohizinda ansamblida bir necha maqbaralar qurildi, Samarqand atrofida bog’-rog’lari bo’lgan Bog’i Chinor, Bog’i Shamol, Bog’i Dilkusho, Bog’i Bihisht, Bog’i Nav saroylari qad ko’tardi. Yo’llar o’tkazildi. Ko’hak – Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryoga ko’priklar qurildi. Toshkent atrofida Sirdaryodan Ohangarongacha kanal qazildi, shahar tipidagi Ohangaron qishlog’iga asos solindi. Buxoro, Shahrisabz, Farg’ona, Turkistonda karvon saroylar va boshqa qurilishlar bilan bir qatorda, sug’orish inshootlari bunyod etildi. Shaharlar, qishloqlar, hammomlar, madrasalar, maqbaralar qurilishi o’sha davr uchun misli ko’rilmagan ko’lamda olib borildi. Qurilish ishlariga mahalliy me’morlar va hunarmandlar – sohibi hunarlardan tashqari, Temur zabt etgan mamalakatlardan keltirilgan ko’pgina binokor ustalar, me’morlar jalb qilindi.
Temur nima sababdan o’z davlatining poytaxti qilib Samarqandni tanlab olgan? Ba’zi birovlar, Temur dastlabki egallagan shaharlardan eng yirigi Samarqand edi desalar, boshqa birovlar esa Samarqand Temurni o’ziga jalb etdi, chunki u qadim zamonlardan buyon shahar sifatida ma’lum edi, bu yerda mashhur Afrosiyo Turon mamlakatini idora qilgan edi, deb taxmin qiladilar.
Ana shu taxminlarning har birida ma’lum darajada haqiqat bor albatta, lekin buning ob’yektiv sababi, aftidan, avvalo, shundaki, Samarqand o’zining geografik o’rni jihatida Movarounnahrning markazida joylashgan. Shahar atrofida sersuv daryo, buloqlar mavjud, shaharning o’zi esa uch tomondan tog’lar bilan o’ralgan, bu yerda uch havo oqimi: tog’dan, daryolardan, shuningdek, dalalardan-o’rmonlar va o’tloqlardan keladigan oqim bir-biriga qo’shilib, orombaxsh iqlim barqarordir. Samarqandga yaqin joylarda binokorlik materiallarining hamdaa qimmatli rangli va nodir metallarning katta-katta zapaslari bor edi. Bu boyliklar ma’lum darajada o’sha davrdayoq davlat xizmatiga qo’yilishi mumkin edi.
Samarqand, Temurning fikricha, dunyoning eng dongdor shahri bo’lib qolishi kerak edi; Samarqand atrofida Bag’dod, Damashq, Misr (Qohira), Sheroz va Sultoniya deb musulmon mamlakatlari asosiy shaharlarining nomlari qo’yilgan bir qancha katta qishloqlarning bunyod etilganligi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.
… “Samarqand shahri, – deb yozgan edi Klavixo, – tekislikda joylashgan bo’lib, tuproq uyumlari va jarliklar bilan o’ralgan; u Sevilya shahridan bir oz kattaroq. Shahardan tashqarida esa unga turli tomonlardan kelib tutashgan ko’pgina uylar qurilgan. Shahar bog’-rog’lar va tokzorlar bilan qoplangan bo’lib, bular ba’zi joylarda 1,5, ayrim joylarda esa 2 liga masofaga cho’zilib ketgan; ana shu bog’larning ora-oralarida ko’cha va maydonlar bo’lib, ular juda gavjum. Bu yerlarda aholi yashaydi, non, go’sht va boshqa ko’pgina narsalar sotiladi. Shahardan tashqarida shaharning ichidagidan ko’proq turar joylar bor. Shahardan tashqaridagi bu bog’larda esa dang’illama va serhasham uylar ham qurilgan. Bu yerda podshoning ham qasrlari va bosh xazinalari bor. Bundan tashqari, ko’pgina shaharlik zodagonlarning bu bog’larda uylari, imoratlari bor. Bu yerda bog’-rog’lar va tokzorlar shunchaki ko’pki, shaharga kelganingda baland-baland daraxtlardan iborat o’rmonni ko’rasan, uning o’rtasida shahar turadi. Shahar va bog’lar bo’ylab ariqlar o’tib, ularda doimo suv oqib turadi. Ana shu bog’lar oralig’idagi bo’sh maydonlarda qovun va paxta yetishtiriladi. Bu mamlakat qovuni juda yaxshi va serhosildir. Yangi yil arafasida ularda qovun va uzum shuncha ko’p bo’laiki, ko’rib hayratda qolasan; hark uni tuyalarda son-sanoqsiz qovun karvoni olib kelinadi. Bunchalik ko’p qovunning sotilayotganligi va iste’mol qilinayotganligini ko’rib, taajjublanmay ilojing yo’q; qishloqlarda qovun shunchaki ko’pki, uni quritib qoqi qilishadi va kelgusi yilgacha arashadi. Ularni shunday qoqi qilishadi: buning uchun qovun uzunasiga tilim qilinadi, po’chog’i olib tashlanadi, so’ngra oftobga yoyiladi. Ular qurilgach, barcha tiliklarni jamlab qopga solinadi va kelgusi yilgacha saqlanadi. Shahardan tashqarida katta tekisliklar bo’lib, bu joylarda yirik va gavjum qishloqlar joylashgan. Podsho bu yerga bo’ysundirilgan mamlakatlardan yuborilgan odamlarni joylashtirgan.
… Bu yer hamma narsaga boy: g’alla ham, vino ham, meva-chevalar ham, parranda ham turli go’shtlar ham serob. Bu yerning qo’ylari yirik-yirik va dumbalari katta: ba’zi qo’ylarni dumbasi 20 qadoq keladi, ularni qo’lda zo’rg’a ko’tarish mumkin. Bu qo’ylar shunchalik ko’p va arzonki, podsho u yerda o’z qo’shini bilan bo’lgan vaqtda ularning ikkitasi bir ducat turardi. Boshqa mollar ham juda arzon. G’alla arzon, guruch mo’l-ko’l. Bu shahar va uning atrofidagi yerlar shunchalik ma’mur va badavlatki, hayratlanmay iloji yo’q: u shu boyligi uchun ham Samarqand deb atalgan. Uning asli nomi Semizkend, boy qishloq degan ma’noni bildiradi, chunki semiz-ularda katta (to’la) degan ma’noni bildiradi, kend esa qishloq degani; Samarqand degan nom ana shundan kelib chiqqan. Uning boyligi oziq-ovqat mahsuotlarining mo’l-ko’lligida emas, balki u yerda chiqariladigan shoyi gazmollar, atlaslar, sandallar, taftalar ham serob. Bu narsalar u yerda juda ko’plab ishlab chiqariladi, kiyim-boshlarning astari mo’yna va shoyidan qilingan, zar va boshqa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Shuning uchun ham podsho, bu shaharning shuhratini olamga tarqatishga harakat qilgan va qaysi mamlakatni bosib olmasin va o’ziga tobe qilmasin, hamma joydan odamlarni shaharga va tevarak-atrofdagi qishloqlarga ko’chirib keltirgan; ayniqsa, u turli hunarmand ustalarni to’plashga harakat qilgan. Damashqdan turli ustalarni to’plashga harakat qilgan. Damashqdan turli ustalarni keltirgan: jumladan, turli shoyi to’qiydigan, kamon uchun o’q va turli qurol-yarog’lar yasaydigan, oyna va sopol ishlaydigan ustalarni keltirgan. Bu ustalar dunyodagi eng yaxshi ustalardan hisoblanadi. U Turkiyadan merganlar va uchragan boshqa hunarmandlarni olib kelgan. Shuningdek, tosh teruvchilar, qo’li gul ustalarni ham olib kelgan. Ularni shunchalik ko’p olib keldiki, istagan kasbdagi usta va hunarmandlarni bu shaharda topish mumkin. Bundan tashqari, u turli mutaxassislar – injenerlar, arqon to’qiydigan hunarmandlarni ham olib kelgan, ular shu vaqtgacha bu yerda ekilmaydigan kanop va zig’ir ekishgan. U turli mamlakat xalqlaridan bu shaharga shuncha erkak va xotin-qizlarni to’plaganki, ularning hammasi bir yuz ellik ming kishidan ortiqroqdir. Ular orasida turli qabilalar: turklar va arablar, marvlar va boshqa xalqlar, arman xristianlari, grek katoliklari, nasroninlar, yakobitlar, o’tga cho’qinuvchi va boshqa xil e’tiqodga mansub bo’lgan xrisianlar bor. Bu yerda xalq shunchalik ko’pki, u xalqni na shaharga, na maydonlarga, na ko’cha-ko’yga, na qishloqlarga sig’dirish mumkin va hatto shahardan tashqaridan ham daraxtlar ostida va g’orlarda ham ko’plab odamlar yashaydi. Bu tashqari, shahar boshqa mamlakatlardan keltiriladigan mollar bilan to’lib-toshgan. Rushi (Rus) va Tataristondan teri va surup, Xitoydan shoyi gazlama keltiriladi. Dunyoda eng yaxshi deb hisoblangan atlaslar Samarqandda to’qiladi. Budan tashqari, Xitoydan mushk (muskus) ham keltiriladi, mushk esa Xitoydan boshqa biron mamlakatda yo’q. Yoqut va marvaridlar, brilliantlar ham keltiriladi. Ana shu narsalarning ko’pgina qismi bu mamlakatda ham bor; bu yerga marvarid va boshqa qimmatbaho toshlar ham tashib keltiriladi… Hindistondan bu shaharga mayda mollar: muskat yong’oqlari (ja’zi bobo), qalampirmunchoq, zanjabil, anbar, dolchin va Aleksandriyaga yuborilmaydigan boshqa turli narsalar keltiriladi. Shaharda ko’pgina maydonlar bo’lib, bu yerda har xil usulda pishirilgan go’sht, juda toza qilib tayyorlangan tovuq, parranda, non va boshqa noz-ne’matlar ham bor; bu maydonlar kunduzi ham, kechasi ham odamlar bilan gavjum, u joylarda hamisha savdo chaqqon. Shuningdek, ko’pgina qanoralar bo’lib, bu yerda go’sht ham, tovuq ham, kaklik, qirg’ovul, o’rdaklar ham sotishadi. Bu narsalarni kechasi-yu kunduzi topish mumkin. Shaharning chetida qasr bor, bu qasr tashqi tomondan tekis joyda turganga o’xshaydi, lekin chor atrofi xandaqlar bilan o’ralgan bo’lib, unda suv bor. Shu sababli qasrga kirib bo’lmaydi. Podsho bu yerda o’z xazinasini saqlaydi, u yerga xazinachi va unga yaqin kishilardan boshqa hech kim kirmaydi; ana shu qasrda podsho asirga tushgan mingga yaqin ustalarni asrardi. Ular o’q yoy, qilich, qalqon yasashadi va yil bo’yi podshoning xizmatini qilishadi. Podsho shu shahardan jang qilish uchun Turkiyaga jo’nab, Damashqni vayron qilganida, u qo’shindagi barcha askarlariga xotinlarini ham o’zlari bilan birga olib ketishlari to’g’risida buyyuq berdi. Agar ular xotinlarini o’z yurtida qoldirib ketsalar, u holda istagan ishlari bilan shug’ullanishlari mumkin bo’lur edi. Bunday buyruq berishlariniing sababi shundaki, podsho o’z dushmanlariga qarshi kurashish uchun ketganida mamlakatda yetti yil bo’lmaslikni ko’zda tutgan va oradan yetti yil o’tmaguncha ana shu shaharga qadam qo’ymaslikka va’da bergan va qasam ichgan edi”.
Klavixodan keyin oradan taxminan yuz yil o’tgach, Amir Temurning evarasi bo’lmish Abu Said Mirzoning nabirasi Zahiriddin Muhammad Bobir (1483-1530) Samarqandni ikki marta egallab, bu yerda ko’rganlarini g’oyat chiroyli tasvirlaydi: “Samarqand shahri ajar orosta shahredur, bu shaharda bir xususiyat borkim, o’zga kam shahrda andoq bo’lg’ay. Har hirfagarning bir boshqa bozori bor, bir-birlariga maxlut emasdur, tavr rasmedur. Xo’b nonliqlari va oshpazliqlari bordur”. Bobir yana bunday deydi: “Olamda yaxshi qog’az Samarqandin chiqar, Juvozi qog’azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyahob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar. Samarqandning yana bir matoi qirmizi bahmaldurkim, atrof va javobnibqa eltarlar”.
Bobir Samarqandni va Buxoroga unga tobe bo’lgan tumanlar hamda viloyatlarni jonli va qiziqarli tarzda tasvirlar ekan, bunday deb yozadi: “bir yig’och ham yo’l yo’qturkim, keng va ma’mura bo’lmag’ay. Andoq mashhurdirkim, Temurbek degandurkim: mening bir bog’im borkim, tulu o’ttuz yig’ochtur. Bu tumonotni degandur”.
Temur va Temuriylar davlatida hunarmandlar, kosiblar, mehnatkashlar ommasining ahvoli juda og’ir edi. Klavixo ham o’z “Kundaligi”da ana shu haqda xabar berdi. XV asrdan bizgacha yetib kelgan ko’pgina mo’jaz tasvir (miniatyura)lar ham dehqonlar va kosiblarning qashshoq hayot kechirganlligini aks ettiradi. Keskin ijtimoiy qarama-qarshilik: zodagonlarning zeb-ziynati va mulkdor sinflarning cheksiz zulmi ostida bo’lgan oddiy kishilarning qashshoqligi Temur davlati uchun ham xos edi.
Temur va Temuriylar “ipak” yo’li deb atalgan va Yevropa mamlakatlaridan Hindiston va Xitoyga boradigan hamda yana O’rta Osiyo orqali Yevropa mamlakatlariga qaytadigan asosiy xalqaro yo’llarini egallab, shu yo’llarda karvonlarning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan bir qancha tadbirlar ko’rdi va Sharq bilan G’arb o’rtasida savdo-sotiq va diplomatic munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga g’oyat kattaa e’tibor berdi.