ACHAMAYLI
ACHAMAYLI (Ochamayli, ochamoyli) — urug’ va qabila nomi. 1) Achamayli qang’li qabilasiga mansub urug’ sifatida qadimdan O’rta Osiyoda yashaydi. 2) qoraqalpoqlar tarkibidagi qabila, 13 urug’dan tashkil topgan. 19-asrning o’rtalarida Achamayli qabilasi 790 ga yaqin xo’jalikdan iborat bo’lib, Xiva xonligiga har yili sug’orish ishlarida ishlash uchun 260 dan ko’p qazuvchi berish majburiyatini bajarib kelgan. Achamayli nomi ba’zan etnonim va ba’zan toponim sifatida Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Samarqand viloyatlarida va Tojikistonning O’ratepa tumanida hamda boshqa joylarda uchrab turadi. Qozoqlar tarkibida ham Achamayli bor.