AQLIY TARBIYA

AQLIY TARBIYA — shaxsning har tomonlama taraqqiyoti, uni turmush va mehnatga tayyorlashning muhim tarkibiy qismi. Aqliy tarbiya bilimlarni to’plash, biror narsani tahlil va sintez qilish, narsa va hodisalarni taqqoslash hamda tasniflash, umumlashtirish, mavhumlashtirish, ularni bir tizimga solishni nazarda tutadi. Aqliy tarbiya vazifasi intellektual ko’nikmalar, ya’ni har qanday fanni o’rganishda qo’llaniladigan umumiy o’quv ko’nikmalari —o’qish, tinglash, o’z fikrini og’zaki bayon etish, yozish, manba bilan ishlash, mustaqil ishlash malakalarini shuningdek biror fanni egallash bo’yicha zarur bo’lgan maxsus ko’nikmalar (chizma, xaritalarni o’qiy bilish, ularning natijalarini chiqara olish) ni egallashdan iborat. Ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, ya’ni bolalarga olam ilmiy manzarasi, tabiat va jamiyat taraqqiyotining asosiy qonunlarini tushuntirish ham Aqliy tarbiyaning muhim vazifasidan biridir. Bunda bolalar hayotining dastlabki yilidayoq atrofni o’rab turgan barcha narsalar bilan tanishtirib borish muhim ahamiyatga ega. Aqliy tarbiya ta’lim, o’yin, mehnat jarayonida, hayotiy vaziyatlarni hal etish, kattalar va tengdoshlar bilan bo’lgan muloqotda, ommaviy axborot vositalari orqali olinadigan axborotlarni qabul qilish va o’zlashtirishda ro’y beradi.