AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI

AHMADBEKHOJI MEHMONXONASI — Andijondagi me’moriy yodgorlik (1905-07). Andijonlik paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek o’g’li qurdirgan. Ahmadbekhoji o’z davrida yirik savdogar, sahovatpesha boy bo’lgan. Uning mehmonxonasi qurilishida mahalliy ustalardan Yu. Musaev, usta Toshxon, usta Yahyo va ularning shogirdlari, bezagida S. Norqo’ziyev qatnashgan. Bino tarhi P shaklida, ochiqtomoni G’arbga qaratib solingan. Shimol tomoni ikki qavatli. Shimol qanot chekkasida mo’jazgina hammom bor. Bino pishiq va xom g’ishtdan, sinch asosida qurilgan. Xonalar 16 ta bo’lib, ularning oldi ayvonli. Ayvonlarning yassi tomini qator yog’och ustunlari ko’tarib turadi. Ayvon va boloxona shiftlari vassa juft uslubida yopilib, sir naqqoshligi bilan bezatilgan. Hamma darvoza va eshiklar an’anaviy holda hovli tomonga qaragan. Uy tarzi yalang devordan iborat. Idora vazifasini o’taydigan shimol qismi Yevropacha uslubda pardozlangan. Shifti naqshinkor ganch bilan bezatilgan katta xonalarga pechlar qurilib, koshinlar bilan sirlangan. Devorlar moybuyoq bilan pardozlangan. Ayvon eshiklarining orasiga ko’k rangda islimiy va girih naqshlar ishlangan. Yog’och karniz jimjimador qilib o’yilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi hovlisi va bog’i o’rnida hozirgi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog’i bunyod etilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi istirohat bog’ining tashqarisida qolgan, boyning yozgi dam olish xonasi — shiyponi esa bog’ markazida yangi qurilgan «amfiteatr» mujassamotiga uyg’unlashtirilgan holda saqlanib qolingan. Shiyponning ichki bezagida sir naqqoshligidan foydalanilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi bir necha bor ta’mirlangan (so’nggi ta’mir 1999-2000 yillarda bajarilgan). Mehmonxonada Andijon viloyat adabiyot va sanat muzeyining ma’muriyati va san’at bo’limi joylashgan.