AHURAMAZDA
AHURAMAZDA (Hurmuzd) – juda qadimgi zamonlarda tasavvur etilgan ezgulik xudosi. Ahuramazda yorug’lik, obodonlik, salomatlik, tinchlik, farovonlik kabi barcha ezguliklarni yaratuvchi va boshqaruvchi, deb tushunilgan. Unga qarshi zulmatqorong’ulik, ochlik, vabo, ayoz, jang, zaharli jonivorlar kabi barcha yovuzliklarni yaratuvchi va boshqaruvchi Anxramaynu (keyinchalik o’zgargan shakli Ahriman) bo’lib, doimo Ahuramazda bilan kurashadi. Kurash Ahuramazdaning g’alabasi bilan tugaydi. Bu dualistik qarash zardushtiylik ta’limotining asosi Avesto uchun zamin bo’lgan. Uning keyingi davrlarda yozilgan sahifalarida Ahuramazda yakka Xudo darajasiga ko’tarilib, tavhid ta’limotining asosini tashkil etgan. Turon va Eron xalqlarining qadimgi epik asarlarida Hurmuzd — ezgulik uchun kurashuvchi, Ahriman — yovuz timsol tarzida tasvirlanadi.