ZANGLAMAS PO’LAT

ZANGLAMAS PO’LAT — atmosfera sharoitida va ba’zi zararli muhitlarda zanglashga (korroziyaga) qarshi turg’un po’lat; legirlangan po’lat turi. Po’latning zanglashga qarshilik xossasini yaxshilovchi asosiy legirlovchi element xrom (12-20%) hisoblanadi. Po’lat sirtida himoya pardasi hosil qiladigan elementlar — alyuminiy, kremniy, nikel va boshqalarning ham bo’lishi po’latning zanglashga turg’unligini oshiradi. Bulardan tashqari, yuzaning holatiga mos keluvchi metallning bir jinsliligi, kristallitlararo korroziya, o’ta yuqori (metall va payvand birikmalarda darzlar hosil qiluvchi) kuchlanishlar ta’sirida yemirilishga moyil bo’lmaslik xossalari muhim ahamiyatga ega. Xromli, xromnikelli va xromnikelmarganesli xillari bor. Xromli Zanglamas po’latdan pech jihozlari, qizdirish pechlarining elementlari tayyorlanadi. Xromnikelli va xromnikelmarganesli Zanglamas po’latdan yuqori tralarda bosim ostida ishlaydigan apparat va buyumlarning detallari tayyorlanadi.