ZARAFSHON TIZMASI

ZARAFSHON TIZMASI – Pomir-olay tog’lariga mansub tog’tizmasi. Zarafshon daryosidan Janubda, Mastchoh (Ko’ksuv) tog’tugunidan boshlanib, Turkiston tizmasiga parallel holda sharqsan g’arbga 420 kilometrga (Jom cho’ligacha) cho’zilgan. Gersin burmalanishida hosil bo’lgan, keyinchalik yemirilgan va uchlamchi davrda qayta ko’tarilib hoz. qiyofaga kelgan. Zamini asosan paleozoy ohaktoshlari, kristalli slaneslar va qisman granitlardan (g’arbida) tuzilgan. Zarafshon tizmasida qoya, tik jarlik va chuqur vodiylar ko’p. Ohaktoshli joylarida karst hodisalari uchraydi. Zarafshon tizmasining g’arbiy qismidagi Qirqtog’ platosida (Ziyovuddin tog’lari yaqinida) O’rta Osiyoda eng chuqur, dunyodagi yirik karst g’orlaridan biri Kili (yoki Kiev) g’ori (tubidagi ko’l bilan birga chuqurligi 950 metr) joylashgan. Tizmaning Sharqiy qismi Mastchoh va Yag’nob daryolari havzalarini, g’arbiy qismi Zarafshon va Qashqadaryo qavzalarini birbiridan ajratib turadi. Sharqiy qismining o’rtacha balandligi 4000-4500 metr. Zarafshon tizmasida bir qancha bo’ylama depressiya (graben) va ko’ndalang vodiylar mavjud. Zarafshon daryosining irmoqlari — Fondaryo, Kishtutsoy, Mag’iyondaryo Zarafshon tizmasini ko’ndalang kesib o’tib, tizmani uch qismga bo’ladi. Fondaryogacha bo’lgan Sharqiy kambar qismi Mastchoh tog’lari deb ataladi, unda qirrali cho’qqi ko’p. Shimol yon bag’ri qiya, janubiysi tik. Balandligi 4500-5000 metr, eng baland joyi Tutak cho’qqisi, 5433 metr. Baland qismida qor va muzlik ko’p. Sharqda Fondaryo va g’arbda Kishtutsoy oralig’ida fon tog’lari joylashgan. Shim. yon bag’ri (Zarafshon vodiysi tomon) tik va qoyali bo’lib, Janub Hisor tog’lariga tutashib ketadi. Slanes va ohaktoshlaridan tuzilgan shimol yon bag’rida yoriq ko’p. Bu yoriqlar tashqi kuchlar ta’sirida kengayib bormoqda; tog’larda ko’chkilar bo’lib turadi. Zarafshon tizmasining kichikroq muzliklar bilan qoplangan eng baland Chimtarg’a cho’qqisi (5489 metr) shu qismida. Muzliklarning umumiy maydoni 307 kilometr kvadrat. Kishtutsoydan g’arbga tomon tog’ pasayib, u yerda o’rtacha balandligi 2500 metr bo’lgan platosimon tog’lar bor. Mag’iyondaryodan Taxtaqoracha dovonigacha Chaqalikalon tog’i davom etadi, uning Sharqiy qismi baland, shimol yon bag’ri tik. Dovonning g’arbidagi Qoratepa tog’i g’arbga tomon pasaya borib, balandligi 500-600 metrli adirlar bilan tugaydi. Adirlar Kattaqo’rg’on shahridan Janubda balandlasha borib, Zirabuloq tog’lariga tutashadi. Zirabuloq va Ziyovuddin tog’lari Zarafshon tizmasining g’arbiy davomidir. Zarafshon tizmasi iqlimi kontinental. Tog’oldi qiyaliklari va yon bag’irlarining iklimi issiq va quruq, yuqoriga ko’tarilgan sari iqlimi salqinlashadi va yog’in ko’payadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi pastroq qismida -0,5° dan 2° gacha, 2500— 3000 metr balandlikda esa -6° dan -10° gacha. Iyulning o’rtacha temperaturasi past joylarda 25-29°, baland qismida esa 15— 18°. Maksimum temperatura 40-42°. Yillik yog’in miqdori 200-400 millimetr. Tog’yon bag’irlari siyrak o’rmon (asosan archazor) bilan qoplangan. Tog’ning 800 metrgacha bo’lgan va lyoss hamda lyossli qumloq jinslardan tuzilgan qismlarida oddiy va tipik bo’z tuproq, 800-1500 metr balandlikda qo’ng’ir bo’z tuproq tarqalgan. 1500-2000 metr balandlikda tog’ o’rmondasht mintaqasidagi jigarrang va jigarrangqo’ng’ir tuproqlarda zarang, archa, yong’oq, bodom, qatrang’i, pista, do’lana, itburun, chiya o’sadi. 2500-3000 metr balandliklar subalp mintaqasidan iborat, u yerlarda mushukquyruq, qo’ng’irbosh, oqso’xta, kovrak, betaga o’sadi. 3000 metrdan baland qismidagi Alp mintaqasida to’q qo’ng’ir va qo’ng’ir o’tloqi, o’tloqi tuproqlarda oqmomiq, to’ng’izsirt, suvrang, choyo’t, chalov, betaga, qiziltikan, Paxtak o’sadi. Zarafshon tizmasidagi o’rmon va butazorlarda o’rmon kalamushi, Olmaxon uchraydi, Alp mintaqasida esa qizil dumli sug’ur, qizil pishchuxa, kulrang sassiqko’zan, Tibet burguti, kaptar, silovsin, tosh suvsari, jayra, yovvoyi echkilar yashaydi. Zarafshon tizmasi yaylovlaridan chorvachilikda keng foydalaniladi. Daryo vodiylarida qishloqlar, ekinzorlar, bog’lar bor. Ad.: Baratov P., Orografiya dolini reki Zarafshon, v SB. «Voprosi izucheniya i ispolzovaniya prirodi i prirodnix resursov Sredney Azii i sopredelnix stran», T., 1970.