ZEBIGARDON

ZEBIGARDON, zebisina — ziynat buyumi, ayollarning bo’yinga taqilib ko’krakka tushib turadigan taqinchog’i. Zebigardon shakldor yirik turunj va unga ikki tomonidan simmetrik birlashgan 6 huqqachalardan iborat bo’lib, ular o’zaro halqa, sadaf, marjonlardan tuzilgan zanjirlar bilan bog’langan; o’rtadagi ikki parallel huqqacha markazida kichik turunji bo’lgan zanjir orqali o’zaro bog’lanib Zebigardon qatini hosil kiladi. Markaziy yirik turunjning yuqori qismi 3-5 yaproqli g’uncha shaklida, quyi qismining uchi pastga qaragan bodom ko’rinishiga ega bo’lib, shokilalar bilan hoshiyalangan. Huqqachalar romb, zebigardon to’rtburchak, aylana shaklida, ayrim Zebigardonlarda so’nggi yuqoridagi yakunlovchilari 3 va 5 burchakli qilib ishlangan. Turunj va huqqachalar bosma naqshlar, qimmatbaho toshlar, rangbarang shishalar bilan bezatilgan. Zebigardon Toshkent, Samarqand, Farg’ona vodiysida keng tarqalgan.