Tuvalu

Tuvalu (Tuvalu) — Okeaniyada, tinch okeanning Jan.g’arbiy qismida joylashgan davlat. Mayd. 26 km2, aholisi 11,15 ming kishi (2002). Poytaxti — Funafuti. Aholisining ko’pchiligi tuvalular. Rasmiy til — ingliz tili, shuningdek, Polineziya tillaridan biri — tuvalular tili ham qo’llaniladi. Dindorlarning aksariyati protestantlar. Davlat tuzumi. T. — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiruvchi mustaqil davlat (Hamdo’stlik mamlakatlari davlat va hukumat boshliklari anjumanlarida qatnashish huquqiga ega emas). Amaldagi Konstitusiyasi 1978 y. qabul qilingan. Davlat boshlig’i — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan generalgubernator davlatni boshqaradi; u bosh vazir tavsiyasiga binoan, T. fuqarolari orasidan tayinlanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament, ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. T. marjonlardan hosil bo’lgan 9 ta orolda joylashgan. Er yuzasi pasttekislik; faqat buta va mayda daraxtlar o’sadi. Iqlimi iliq va nam, kuchli to’fon bo’lib turadi. O’rtacha yillik tra 27°, yillik yog’in miqdori 2500— 3300 mm. Hayvonot dunyosi qushlar va hasharotlardan iborat. Tarixi. T. orollariga mil. 1ming y.lik o’rtalaridan polinezlar ko’chib kela boshlagan. Orollarga evropaliklardan dastlab 1568 y. ispanlar borgan. 1850-75 y.larda qul savdogarlari T. aholisining bir qismini Avstraliyada ishlatish uchun olib ketganlar. Qul savdosi va yuqumli kasalliklar sababli aholi 10 baravar kamayib ketgan. 1892 y. T. orollarini Buyuk Britaniya egallab olib, Gilbert o.lari bilan birga Britaniya protektoratiga birlashtirgan, 1916 y. Gilbert va Ellis o.lari nomi bilan mustamlakaga aylantirgan. 2-jahon urushi vaqtida T.da Amerika qo’shinlari joylashib, Gilbert arxipelagini bosib olgan yaponlarga qarshi kurashgan. 1974 y. referendum natijasida T. aholisining ko’pchiligi Gilbert o.laridan ajralib chiqish uchun ovoz berdi. 1975 y. T. Britaniyaning alohida mustamlakasi bo’ldi, 1978 y. 1 okt.da Hamdo’stlik tarkibidagi mustaqil davlat deb e’lon kilindi. T.da siyosiy partiya va kasaba uyushmalari yo’q. T. — 2000 y.dan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 1 okt. — Mustaqillik kuni (1978). Xo’jaligi. T. agrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosi — qishloq xo’jaligi. Kokos palmasi, Taro, pulaka (Taroning bir turi), non daraxti, banan o’stiriladi, sabzavot ekiladi. Cho’chqa va tovuq boqiladi. Baliq ovlash bilan shug’ullaniladi. Kokos yong’og’ining bir qismidan kopra ajratib olinadi. Hunarmandchilik (chig’anoqdan bezaklar yasash, savat to’qish va b.) rivojlangan. Engil sanoat korxonalari bor. Transporti unchalik rivojlanmagan. Funafuti o.da dengiz prichali bor. 6 Orol o’rtasida aviasiya katnovi yo’lga qo’yilgan. Chetga kiyim, poyabzal, kopra, meva va sabzavot chiqaradi. Chetdan mashina va uskuna, oziq-ovqat va sanoat mollari, energiya resurslari oladi. Tashqi savdoda Fiji, Avstraliya, JAR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Avstraliya dollari. T. radiosi ishlaydi (1975 y. tashkil etilgan).