Tug’ma kasalliklar
Tug’ma kasalliklar – embrion taraqqiyotining buzilishidan paydo bo’ladigan kasallik, nuqsonlar. T.k.da organizm, ayrim organlar tuzilishi va funktsiyasi butunlay yoki qisman buziladi. Bu, asosan, homila rivojlanishida ona organizmiga zararli har xil omillar ta’sirida kelib chiqadi. Irsiy omillar ta’sirida otaona jinsiy hujayralari etilishi (meyoz) va otaona yoshiga qarab jinsiy hujayralardagi xromosoma apparati buziladi. Irsiy omillarga jinsiy xususiyatlar (genom)ga ionlovchi nurlar va kimyoviy moddalar ta’sirida yuz beruvchi mutasion jarayon (q. Mutasiya) ham kiradi. Otaonaning yoshi ulg’aygan sari T. k. bilan tug’iluvchi bolalar soni ham ko’payib boradi. Embrion taraqqiyotiga fizik (ionlovchi nurlar, mexanik va termik ta’sirlar), kimyoviy (gormonal mutanosiblik, sifatsiz ovqatlanish, teratogen zaharlar) va biologik (virus, bakteriya, sodda hayvonlar, gelmintlar) omillar bevosita ta’sir etadi. Homila rivojlanayotgan vaqtda onadagi ruhiy ta’sirlanish qam organizmda endokrin Sistema (ichki sekresiya bezlari sistemasi) funktsiyasining buzilishiga olib keladi. T. k. natijasida ayrim organ yoki sistemalarning chala, ba’zan, to’la rivojlanmasligi, mas., qo’l va oyoqning butunlay yoki qisman rivojlanmasligi (ageneziya, aplaziya, gipogeneziya, gipoplaziya), organ va sistemalarning odatdagidan kuchlirok, rivojlanishi, mas., odam terisida shox modda taraqqiy qilishi (giperplaziya, gipergeneziya); organlar sonining ko’payishi yoki kamayishi (mas., qo’l va oyoq barmoqlarining ko’p bo’lishi — polidaktiliya); toq ko’zlilik (tsiklopiya); organning odatdagi joyidan boshqa tomonda joylashishi (mas., yurakning ko’krak qafasit o’ngga, jigarning qorin bo’shlig’ida chapga; taloqning esa o’ngda joylashishi va b.) kuzatilishi mumkin. Ba’zan, tug’ilgan bolalarning yuqori labida kemtik bo’ladi yoki yuqori tanglayi rivojlanmay ochiq qoladi. Bu tug’ma kamchiliklar embrionga parazitlarning salbiy ta’siri va irsiy xususiyatlardan kelib chiqadi. Tug’ma kamchiliklar ayrim organ va sistemalar rivojlanayotgan vaqtda hosil bo’lishi mumkin. Ko’p tug’ma kamchiliklar egizaklarda simmetrik yoki asimmetrik holda bo’ladi.