Termiziy maqbarasi
Termiziy maqbarasi, Abu Iso Termiziy maqbarasi — Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi me’moriy yodgorlik (11-12-a.lar). Abu Iso Muhammad Termiziy qabri ustiga qurilgan. Hoz. kunda yodgorlik bir-biridan ravoqlar orqali o’tuvchi 4 xona (bo’lma)dan iborat yaxlit bino ko’rinishida, xonalar tarhi 4,3×4,5 m. Shim.Sharqiy tarzi ayvon qurilishi munosabati bilan keyinchalik to’silgan. 3 xonali bo’lma murabba tarhli, ulardan Jan.dagisi go’rxona. Unda marmar sag’ana bor. Sag’ana 3 pog’onali, muqarnas naqsh va yozuvlar bilan pardozlangan. Go’rxonadan tor uzun yo’lka orqali xonaqohga o’tiladi. Xonaqoh poli go’rxonaga nisbatan pastroq bo’lib, ular oralig’i keng ravoq bilan ajratilgan. Xonaqoh gumbaz tomli, mehrobli. Yonidagi 2 xonadan shim.Sharqiy tarziga chiqiladi. Xonaqoh oldidagi 3 ayvon gumbazli, qalqonsimon bag’alli, devorlariga 4 ravoq ishlangan, pishiq g’ishtdan hoshiyalar terilgan. T.m. ganchkori bezaklar bilan pardozlanib, tashqi devorlariga 6 g’ishtin ravokli namoyonlar ishlangan. Tobadonlariga oq ganchdan panjaralar o’rnatilgan. Ravokdari g’isht qalinligida hoshiyalangan. T. m. bosh tarzini kichik ko’shksimon gumbazli qurilma egallagan. Yodgorlik haqida ilk bor D. N. Logofet yo’l ocherklarida tilga olgan. 1945 y. V. L. Voronina me’moriy o’lchamlarini bajargan. Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan T.m.da ta’mirlash ishlari olib borildi. Sag’anasi va ganchkori panjaralari qayta o’rnatildi.