YURA SISTEMASI (DAVRI)

YURA SISTEMASI (DAVRI) — mezozoy erasining boshidan 2-davr. Frantsiya va Shveytsariyadagi yura tog’lari nomi bilan atalgan. Radiogeologik metod bilan aniqlanishicha, yura sistemasi bundan 190-195 million yil avval boshlanib, 69 million yil davom etgan. Bu terminni fanga frantsuz geologi A. Bronyar (1829) kiritgan. U trias sistemasidan keyin bo’r sistemasidan oldin keladi. yura sistemasi 3 bo’lim (quyi, o’rta, yuqori) va 11 yarusga bo’linadi. Yura jinslari barcha qit’alarda tarqalgan; okean tubidagilari burg’ilash yo’li bilan aniqlangan. Tarkibi va paydo bo’lish sharoitlariga ko’ra turlituman; ular dengiz va quruqlikdagi qumtoshgilli jinslar bo’lib, keyinchalik gilli va apsidli slaneslarga (geosinklinal oblastlarda) aylangan, karbonatli jinslar (asosan, ohaktoshlar), tuzli qatlamlar hamda vulkanogen jinslar, jumladan, suv ostida hosil bo’lgan jinslar (shimoliy va Janubiy Amerikaning g’arbiy chekkalari, Sharqiy Osiyo va O’rta dengiz mintaqasining ba’ei bir maydonlari) dan iborat. G’arbiy Yevropa, Qrim, Kavkazda kimerij bilan Oksford yaruslari orasida Luzitaniya yarusi ajratiladi. Trias sistemasiga nisbatan yura sistemasida tektonik harakatlar avj oladi. Geosinklinallarda burmalanishlar sodir bo’ladi. Tinch okean chekkalarida burmalanishlar yanada shiddatli kechadi. Platformalarda dengiz bosib kirishi (transgressiya) va chekinishi (regressiya) bo’lib o’tadi. Yer po’stining platforma qismlarida yoriqlar hosil bo’lib, yaxlit quruqlik 2 gektar — Lavraziya va Gondvana materiklariga bo’lina boshlagan va Yer kurrasi qiyofasi butunlay o’zgarib ketgan. yura sistemasi boshlarida materiklarning ko’p qismida quruqlik saqlanib, faqat 18% dengiz bilan qoplanadi. Dengiz, asosan, geosinklinallarda va yosh epigersin platformalarida joylashadi. Bulardan tashqari, materiklarning katta qismida iqlim juda sernam bo’lgan, natijada subakval muhitda o’simlik qoldiqlariga boy bo’lgan kontinental formasiyalar to’plangan. Markaziy Amerika, Avstraliyaning Sharqiy qismida, qisman Yevropada ko’mirli formasiyalar keng tarqalgan gumid tipli (masalan, Mang’ishloqda), shuningdek arid tipli (Xitoy Janub, Hindiston) qizil rangli yotqiziqlar to’planadi. Paleogeografik va paleotektonik sharoitlarda cho’kindilar to’planishi bo’yicha o’rta yura davri quyi yuradan deyarli farq qilmaydi (quyi yura davrida cho’kindilar hosil bo’lgan umumiy maydon ancha ko’paygan, jumladan, Sharqiy Yevropa va shimoliy Amerika platformalarida). Yuqori yura davrida muhim tektonik o’zgarishlar sodir bo’lgan. Sharqiy Yevropa platformasi, Arktika havzasi, Sharqiy Afrika, Madagaskar va G’arbiy Avstraliyani suv bosadi. Qoyali tog’lar Sharqiy qismida Galf Kosta botig’i va unga yondoshgan Meksika Antil geosinklinalida dengiz hosil bo’ldi. Venesueladan boshlab olovli yer oroliga qadar yagona dengiz tarkib topadi. Transgressiya karbonatli formasiyalarning ko’proq to’planishiga olib keladi, shu bilan birga boshqa geologik davrlardan farqi karbonat formasiyalari Yevrosiyo va Afrikada geosinklinal oblastlar tashqarisida ham to’planadi va bularga yondoshgan Yevropa, shimoliy Afrika va Arabiston platformalari yon bag’irlarigacha tarqaladi. Yuqori yura davrida evaporitlar sedimentasiyasi (cho’kishi) ancha jadallashgan. Umuman, yura sistemasida neftgazli formasiyalarning to’planishi uchun juda qulay paleotektonik va paleogeofafik sharoitlar yuzaga kelgan. Bu davr formasiyalari bilan eng ko’p neftgaz oblastlari bog’liqdir. Ularning asosiy qismi Lavraziya guruhidagi okeankontinental tipli litosfera plitalari bilan bog’liq (shundan Yevrosiyoda 45 ta, Shimoliy Amerika litosfera plitasida 20 ta). Kontinental litosfera plitalarida faqat 16 ta neftgaz oblastlari mavjud. Bular turli burmalanishlarning geostrukturaviy elementlarida (tokembriydan Alp burmalanishigacha) joylashgan. Platformalarning ikki guruhida uglevodorodlarning hududiy to’planishi — karbonat, karbonat bo’lakli, bo’lakli dengiz, shuningdek, bo’lakli kontinental formatsiyalarida joylashgan. Boshqa sistemalardan yura sistemasining farqi shundaki, bu davrda Gondvana guruhidagi materiklarda uglevodorod karbonatli dengiz formasiyalarida ko’proq to’plangan, Lavraziya guruhiga mansub bo’lgan geosinklinallarda esa Gondvana karbonatli dengiz va continental bo’lakli formatsiyalarda yuzaga kelgan. yura sistemasi hayvonot dunyosi turlituman mollyuskalar (ammonit, amalteus, makrosefalitis, virgatites, belemnitlar, ikki pallalilar, gastropodalar va boshqalar), braxiopodalar, ignatanlilar va marjonlardan iborat. Bahaybat dinozavrlar ham yura sistemasida paydo bo’lgan. Suvda yashaydigan dinozavrlar, uchuvchi kaltakesaklar keng tarqalgan. yura sistemasida dastlabki qushlar paydo bo’lgan. Hozirgi muzliklar bilan qoplangan Grenlandiya va Antarktida hududlarida ham yashil o’rmonlar mavjud bo’lgan. Bu davrda umurtqali hayvonlardan bahaybat (uzunligi 25-30 metr, og’irligi 50 tonna) dinozavr va ixtiozavrlar, balikdar yashagan. Suvda va quruqlikda yashovchilar (amfibiyalar)dan baqa paydo bo’lgan. O’simliklardan paporotniklar, ignabarglilar, tsikafoditlar va boshqalar keng rivojlangan. Bu davr yotqiziqlari O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekistonda Farg’ona tizmasi, Hisor tizmasining Janubiy g’arbiy etaklari, O’zbekiston g’arbi va Ustyurtda keng tarqalgan bo’lib, konglomerat, qumtosh, giltosh, ohaktosh, angidrit kabi jinslardan tarkib topgan. O’rta yura boshlaridan O’zbekistonning g’arbiy va Janub hududlarida transgressiya yuz bergan. Yuqori yurakellovey va Oksford yaruslari davomida Hisor tizmasining Janubiy g’arbiy etaklari, hozirgi O’zbekistonning g’arbiy hududi, Turkmaniston va Tojikistonning ba’zi joylari chuqur dengiz bilan qoplangan. Shu sababli bu yerlarda hozirgi dengiz yotqiziqlari — ohaktosh ko’p. Huddi shu hududda kimerij yarusi va Titon yarusi boshlarida dengiz chekinib, o’rnida turli xil tuz yotqiziqlari hosil bo’lgan. Hozirgi Farg’ona vodiysi hududi, Issiqko’l atrofi yura sistemasi boshidan oxirigacha quruqlikdan iborat bo’lgan. Yura sistemasida iqlim yumshoq va nam bo’lgan. Daryolar va botqoqliklar atrofida turlituman o’simliklar o’sgan. O’rta Osiyodagi barcha ko’mir konlari, Turkmanistondagi Yagman, Tojikistondagi Sho’rob, Qirg’izistondagi Ko’kyong’oq, O’zbekistondagi Angren, Sharg’un ko’mir konlari Yura sistemasida hosil bo’lgan. Ural—Emba, Mang’ishloqdagi neft konlari, Buxorodagi gaz konlari ham shu davrda paydo bo’lgan. Yura sistemasi yotqiziqlari, asosan, cho’kindi va otqindi tog’jinslaridan tarkib topgan bo’lib, ko’p joylarda uchraydi. Yura yotqiziqlari bilan ko’mir (14%) va neft (15% atrofida) ning dunyo bo’yicha zaxiralari bog’liq. Yura sistemasiga mansub yirik ko’mir konlari Sharqiy Sibir, Baykal orti, uzoq Sharq, Bolqon yarim oroli, Eron, Mongoliya, Xitoy, Koreya va boshqalar rayonlarda mavjud. Neft va gaz konlari Kaspiy oldi, Kavkaz, G’arbiy Sibir, Shimoliy Amerika, Yaqin va O’rta Sharqda topilgan. Yura sistemasi davridagi nurash po’sti bilan boksit, kaolin, temir, nikel konlari va ba’zi olmos sochmalari bog’liq. Yura sistemasidagi magmatic jarayon bilan Rossiya Federatsiyasi hamda shim. va Janubiy Amerikaning g’arbida qo’rg’oshinrux, kamyob va Nodir metallar konlari hosil bo’lishi aloqador. Asror Abidov.