YOZYOVON CHO’LI
YOZYOVON CHO’LI — Farg’ona vodiysining Markaziy qismidagi cho’l. Qo’qon, Marg’ilon, Andijon va Namangan vohalari bilan o’ralgan. Shimoldan Sirdaryo oqib o’tadi, zamini paleozoy jinslaridan tarkib topgan, yer yuzasi to’rtlamchi davr allyuvial va prolyuvial yotqiziqlari bilan qoplangan. Relefi, asosan, tekis. Balandpast qum tepalari, ko’llar, sho’rxoklar va botqoqlashgan yerlar uchraydi. Iqlimi kontinental: yozi issiq va quruq, qishi qisqa, bir oz sovuq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 25-27°, yanvarniki -3°, vegetatsiya davri 220-240 kun. Yillik yog’in 170-200 millimetr. Yozyovon cho’lini o’zlashtirish maqsadida bir qancha kanal (Usmon Yusupov nomli katta Farg’ona kanali, Oxunboboyev nomli kanal va boshqalar) va kollektorlar (Yozyovon, Sarijo’ga, Sariqsuv, Qiziltepa, Fapbiy Yozyovon kollektorlari) qazilgan. Cho’lda yantoq, qamish, sho’ra, shuvoq, yulg’un o’sadi, kanal hamda ariqlar bo’yiga terak, tol, qayrag’och, tut, jiyda, chinor, akasiya va boshqa ekilgan. Yer osti suvi 0,5—1,2 metr chuqurlikda. Qiziltepa massivida va Jomasho’yda yer ostidan issiq shifobaxsh suv topilgan. Yozyovon cho’li deyarli o’zlashtirilgan. Cho’l orqali Farg’ona— Namangan, Marg’ilon—Qo’qon, Qo’qon— Shaxrixon, Yozyovon—bo’z, Yozyovon—Baliqchi avtomobil yo’llari o’tgan.