YOYILUVCHANLIK

YOYILUVCHANLIK — qattiq jismlar (masalan, metall va qotishmalar) ning mexanik kuchlanish va o’zgarmas (statik) nagruzka (yuk, kuch) ta’sirida sekinasta uzluksiz plastik deformasiyalanishi. Yoyiluvchanlik hodisasi bir necha yuz yillar oldin sezilgan. Biroq metal va qotishmalar, rezina, shishalarning Yoyiluvchanlik xossalari 1940 yillardan boshlab izchil ravishda tekshirila boshlangan. Texnikaning rivojlanishi bilan yuqori temperatura va nagruzkada ishlaydigan mashina detallari (bug’ va gaz turbinalari, reaktiv dvigatellar va raketalarning disk va kuraklari) ning Yoyiluvchanlik xossalari aniqlangan. Natijada bu detallarni maxsus konstruktsion materiallar (olovbardosh qotishmalar) dan tayyorlashga to’g’ri keldi. Yoyiluvchanlik faqat yuqori temperaturalardagina emas, balki past temperaturalarda ham vujudga keladi. Masalan, kadmiyda — 269° da, temirda — 169° da Yoyiluvchanlik seziladi. Suyuqlanish temperaturasi past bo’lgan metallar (qo’rg’oshin, alyuminiy), beton, yog’och, rezina, kauchuk, plastmassalarda Yoyiluvchanlik ni xona temperaturasida ham kuzatish mumkin. Betonga xos Yoyiluvchanlik uning qanchalik yangiligiga bog’liq bo’ladi. Metall va qotishmalardagi Yoyiluvchanlikni cho’zish, burash va egish usuli bilan aniqlash mumkin. Bulardan eng keng tarqalgani cho’zish usulidir. Bunda sinaladigan metalldan namuna tayyorlanadi va uning ikki uchini qisqichlarga mahkamlab, pechga kiritiladi va zarur temperaturagacha qizdiriladi. Namunaga o’zgarmas nagruzka uzoq ta’sir ettiriladi. Temperatura termoelektrik pirometr bilan, deformatsiya esa maxsus asbob bilan o’lchanadi. O’zgarmas nagruzka qancha kichik bo’lsa, Yoyiluvchanlik shuncha sekin boradi va namuna shuncha uzoq vaqtga chidaydi. Metall va qotishmalarning uzoq davom etadigan o’zgarmas nagruzkaga qarshilik ko’rsatish xossasi uning Yoyiluvchanlik chegarasi deb ataladi. Metallarning yuqori tradagi mexanik xossalari ularning Yoyiluvchanlik chegaralariga bog’liq. Mashinalarning yuqori temperaturada mexanik nagruzkalarda ishlaydigan detallari uchun Yoyiluvchanlikning ahamiyati katta.