YOMONQUM CHO’LI

YOMONQUM CHO’LI Markaziy Qizilqumdagi cho’l. Tomditov bilan Bo’kantov tog’lari oralig’ida joylashgan. G’arbda Mingbuloq, Sharqda Mo’lali botiqlari bilan chegaradosh. Eng baland joyi sharqida 303 metr, g’arbida 169 metr. Ko’zanakli (chuqurligi 5-8 metr), do’ng (balandligi 4-6 metr) va marzali qum (balandligi 6-9 metr) shakllari uchraydi, quduqlar atrofida barxanli qumlar vujudga kelgan. Mingbuloq botig’i yaqinida relef sathi pasayib, qumli qoplam qalinligi kamayib boradi, ba’zan tub jinslar yuzasi ochilib qolgan, ayrim joylarda kichik botiqlar uchraydi. Yomonqum cho’lida Tubelek (balandligi 258 metr, Tulyatosh (268 metr), Qoratepa (141 metr), darvoza (248 metr) kabi tepalar mavjud bo’lib, ular bur, paleogen, ba’zan neogenning cho’kindi jinslaridan tuzilgan, Janub yon bag’irlari tik va quruq o’zanlar bilan parchalangan. Qumlikda cho’l o’simliklaridan cherkez, oqsaksovul, juzg’un, quyonsuyak, selin, isiriq, efemerlar (qo’ng’irbosh, rang, kovrak va boshqalar), sho’rxoklarda bir yillik sho’ralar (baliqko’z, qorasho’ra va qizilsho’ra), yulg’un, korabarok, kermak va boshqalar tarqalgan. Yaylov sifatida foydalaniladi. Yomonqum cho’lini Zarafshon—Uchquduq temir yo’l va avtomobil yo’llari kesib o’tgan.