YORITISH

YORITISH — ob’yektlarning ko’rinish sezgirligini yaxshilash yoki ularni yorug’lik sezgir materiallarga tushirishni ta’minlash maqsadida ma’lum miqdorda yoritilganlik yaratish. Yoritishning tabiiy, sun’iy va aralash xillari bor. Tabiiy Yoritish inson uchun eng qulayi bo’lib, Quyosh, osmon yoritqichlari, atmosfera elektr razryadlari va boshqalar bilan yaratiladi. Uylar va alohida xonalarda kerakli darajada yoritilganlikni ta’minlash uchun ularning devorlari, orayopmalari yorug’lik o’tkazadigan materiallardan tayyorlanadi, derazalar tepasiga tuynuklar qilinadi. Yaxshisi uylarni qurishda yorug’liktushishni to’g’ri tanlash kerak. Sun’iy Yoritish, odatda, yoritish jihozlari, yoritish qurilmalari yordamida hosil qilinadi. Uning umumiy, mahalliy (ish joyini yoritish) va aralash, ish (har kuni ishlatish uchun) hamda avariya holatdagi (ish Yoritish o’chganda ishlatiladigan) xillari bor. Sun’iy Yoritish aholi yashaydigan joylar, transport harakatlanadigan magistrallar, ko’chalar, maydonlar va boshqalarni Yoritishga tatbiq etiladi. Xonalarni tabiiy Yoritish va sun’iy Yoritish qurilish normalari va qoidalariga asoslanib bajariladi.