YOSH PSIXOLOGIYASI

YOSH PSIXOLOGIYASI turli yoshdagi odamlar xususiyatlarini, bir yosh davridan boshqa yosh davriga o’tishda ularning psixik rivojlanishini o’rganuvchi psixologiya fani sohasi. Yosh psixologiyasi odamning tug’ilganidan boshlab to keksaygunicha bo’lgan davr (ontogenez)da amalga oshadigan ruhiy rivojlanishi va shakllanishi bosqichlarini o’rganadi. Yosh psixologiyasi mustaqil fan sifatida 19 asrning oxirlarida shakllandi. Dastavval bolalar psixologiyasi sifatida yuzaga kelgan. Yosh psixologiyasi uzoq vaqt bola ruhiy riyojlanishi mexanizmlarini o’rganish bilan cheklanib kelgan, biroq insoniyat taraqqiyotining keyingi darajalari odam ontogenetik rivojlanishini yanada kengroq va chuqurroq o’rganishni taqozo etganligi munosabati bilan bu fanning tadqiqot doirasi kengayib bordi. Hozirgi vaqtga kelib Yosh psixologiyasining bolalar psixologiyasi, yetuklik davri psixologiyasi, gerontopsixologiya (keksalik psixologiyasi) kabi sohalari farqlanadi.