YOSH TABIATSHUNOSLAR
YOSH TABIATSHUNOSLAR O’zbekistonda tabiatshunoslik bilimini boyitish, qishloq xo’jalikning muayyan tarmog’ini amalda bilib borish va tajriba orttirish maqsadida atrof muhit, tabiatni kuzatuvchi yoshlar. Maktab va maktabdan tashqari bolalar muassasalari (o’quvchilar saroyi, bolalar oromgohi, Mehribonlik uylari) da tashkil qilinadigan to’garaklarda tajriba kuzatuv ishlari olib boradilar. Yosh tabiatshunoslarning birinchi tugaragi O’zbekistonda 1922 yil Toshkentdagi Karl Libknext nomidagi maktab, Almaiy nomidagi namuna ish maktabi, Chernishevskiy nomidagi maktab huzurida tashkil etilgan. Yosh tabiatshunoslar to’garagidagi mashg’ulotlarda o’quvchi bolalar hayvonlar va parrandalarni kuzatadi, o’simliklar o’stirib, parvarish qiladi, kollektsiyalar to’playdi, turli xil tajriba ishlarini o’tkazadi. O’rta va katta yoshdagi tabiatshunoslar tabiatni, jumladan hayvonot va o’simliklar dunyosini, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga bog’liq tajribalarni amalga oshiradi. Yosh tabiatshunoslar o’quvchilarni o’quv-tajriba maydonchalariga, qishloq xo’jalik ishlab chiqarish ekskursiyalariga, ko’rgazmali o’quv qurollarini tayyorlashga jalb etib, ularning atrof muhitga bo’lgan ongli munosabatlarini rivojlantiradi. 2001 yil O’zbekistonda 70963 bola Yosh tabiatshunoslar to’garaklarida ishtirok etdi.