YOSH AFG’ONLAR
YOSH AFG’ONLAR -20-asr boshida Afg’onistondagi milliy harakatning qatnashchilari. Bu harakatda ziyolilar, din arboblari, yirik yer egalari va savdogarlar ishtirok etgan. Yosh afg’onlarning g’oyaviy rahbarlaridan biri — Mahmud Tarziy (1866-1935). Ularning dunyoqarashi shakllanishida panislomizm (asoschisi — Jamoliddin al Afg’oniy; 1839-97) va jadidchilik g’oyalari, yosh turklar va Yosh buxoroliklar harakatlari muhim o’rin tutadi. Yosh afg’onlar asosan, Afg’oniston milliy mustaqilligi va ozodligi, Amir hokimiyatini cheklash, maktablarda dunyoviy fanlar o’qitishni kengaytirish, milliy savdo va sanoatni rivojlantirish uchun kurashganlar. Bu kurash, xususan, Birinchi jahon urushi davrida avj oldi. 1919 yilda Yosh afg’onlar o’tkazgan davlat to’ntarishi natijasida Amir Habibulloxon (1901 — 1903 hukmronlik yillari) o’ldirilib, taxtga uning islohotlarga moyil o’g’li Omonullaxon (1892-1960) o’tirdi. Omonullaxon Afg’onistonni mustaqil deb e’lon qildi (1919 yil 28 Fevral). Abdulquddusxon Ittimadiy bosh vazir va Mahmud Tarziy tashqi ishlar vaziri lavozimlarini egalladi. Biroq Yosh afg’onlar hukumatida konservativ va taraqqiyparvar kuchlar o’rtasidagi o’zaro kurash davom etdi. Bu hukumat sovet Rossiyasi bilan yaqinlashdi. 1921 yil 28 Fevral Moskvada sovetaffoh shartnomasi imzolandi. O’sha yili Germaniya, Turkiya, Rossiya, Italiya, Hindistonga afg’on yoshlari o’qishga jo’natildi. Yosh afg’onlar hukumati afg’on xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi qurolli kurashiga (1922) rahbarlik qildi, mamlakatda Konstitutsiya qabul qilindi (1923). Asosiy qonunga ko’ra Afg’onistonda konstitutsion monarxiya o’rnatildi. Islohotlar mahalliy boshqaruv sohasida ham o’tkazilib, mamlakat 5 ta provintsiya (Kobul, Qandahor, Hirot, Mozori Sharif, Qatag’onbadaxshon) va 4 ta viloyat (Sharqiy, Janubiy, Farah, Maymana) ga ajratildi. Islohotlar Islom qonunshunosligi va jinoyat huquqi, milliy va etnik kabi sohalarni ham qamrab oldi. Sunniy va shialar o’zaro teng deb e’lon qilindi, hindlarning huquqi afg’onlarga tenglashtirildi. Yosh afg’onlarning tashabbusi bilan Kobulda kutubxona ochildi, «Sitorai afg’on» («Afg’on yudduzi») gazetasi nashr qilindi. Biroq Yosh afg’onlar hukumati ichidagi konservativ kuchlar faollashdi. Harbiy vazir Muhammad Nodirxon hukumat tarkibidan chiqib, muxolifatga qo’shildi (1924). Islohotlarning 1-bosqichi (1919-24) ana shunday yakunlandi. Omonullaxonga qarshi Janub va Sharqdagi qabilalar hamda dehqonlar g’alayon ko’tarishdi (1924-28). Omonullaxon hukumati g’alayonlarni bostirib, 1928 yildan islohotlarning 2-bosqichini boshladi va asosiy e’tiborni madaniy-maishiy masalalarni hal etishga qaratdi. Biroq, hukumat tarkibidan Tarziy, Valixon, Abdulhodi Davi va boshqalar. Yosh afg’onlar chiqarib tashlandi. Siyosatdagi keskin o’zgarishlar g’alayonlarni qaytadan kuchayishiga olib keldi. 1928— 29 yillarda tojik dehqoni Habibulla — Bachai Saqqo (1890-1929) rahbarligida shim. provintsiyada ko’tarilgan isyon natijasida Omonullaxon taxtdan ag’darildi (1929 yil 14 yanvar) va Qandahorga qochib ketdi. Habibullaxon Afg’oniston amiri deb e’lon qilindi (1929 yil yanvar—oktabr). U turkistonlik muhojirlar va o’zbek, tojik kabi tub aholiga katta erkinliklar berdi. Omonullaxon hukumatining tashqi ishlar vaziri G’ulom Siddiqxon va Moskvadagi elchisi G’ulom Nabixon Charxiy bilan SSSR rahbari I. V. Stalin o’zaro uchrashgach, 1929 yil 15 aprelda V. Primakov boshchiligidagi sovet qo’shinlari Afg’onistonga bostirib kirdi. Ularga qarshi jangda Habibullaxon armiyasidan tashqari Ibrohimbek (1889-1932) yigitlari va Xalifa Eshonning 2000 kishilik turkman guruhi ham qatnashdi. Biroq may oyining oxirida Omonullaxon va ukasi Inoyatullaxon katta miqdordagi boylikni olib, avval Hindistonga, so’ngra G’arbga jo’nab ketdi. Stalinning buyrug’i bilan 31 mayda qizil askarlar SSSRga qaytdi. Biroq Omonullaxon davrida harbiy vazir bo’lgan general Muhammad Nodirxon Angliyaning yordamida 1929 yil 15 oktabrda Habibullaxonni hokimiyatdan ag’darib, Afg’oniston podshosi (1929-33) bo’ldi. 1 noyabrda Habibullaxon va uning 12 vaziri qatl qilindi. Yosh afg’onlarning Abdurahmon Lo’diy, G’ulom Muhiddinxon Ortiq, Mirzo Abdurahmon, Abdulhodi Davi, G’ulom Haydarxon Ko’nariy, G’ulom Rizoxon, Said Qosimxon kabi yetakchilari Muhammad Nodirshohning buyrug’i bilan otib o’ldirildi yoxud qamoqqa tashlandi. Nodirshoh davrida afg’on bo’lmagan boshqa tub xalqlar va turkistonlik muxrjirlarning ahvoli nihoyatda og’irlashadi. Yosh afg’onlarning islohotlari butkul bekor qilindi. Ad.: Nazarov X., Sosialniye dvijeniya 20x godov XX vek v Afganistane, Dushanbe, 1989. Qahramon Rajabov.