YOG’ OLISH USULLARI
YOG’ OLISH USULLARI — chigit, loviya, soya, zig’ir, kunjut, yong’oq, kungaboqar, zaytun, maxsar va boshqalar mag’zidan yog’ olish. Sanoatda, asosan, presslash (ezish) va ekstraktsiya (siqish) usulidan foydalaniladi. Ilgari yog’ faqat juvozda, keyinchalik sanoatda oddiy gidravlik presslarda olingan. Yog’ zavodlari ekstraktsiya batareyalari va uzluksiz ishlaydigan avtomat shnekli presslar bilan jihozlangan. Mag’zdan yog’ikki bosqichda olinadi. Birinchi bosqich — mag’zni presslash yoki ekstraktsiyaga tayyorlash. Bunda mag’z turli aralashmalardan (chigit esa mayda tuklaridan ham), qobig’idan ajratiladi va maxsus jo’valash (valsovka) stanogida eziladi. Ikkinchi bosqich — presslash yoki ekstraktsiyalash. Presslash usulida ezilgan mag’z bug’li isitkichdan o’tkazilib, shnekli presslarda eziladi. Pressdan chiqqan kunjarada 4% dan 5% gacha yog’ qoladi. Mag’zdan ajralgan yog’ filtrdan o’tkaziladi. Ayrim zavodlarda yog’ oldin ezilgan mag’zni maxsus apparat—forchanda qizdirib, shnekli pressda siqib olinadi. Ekstraktsiya usulida yog’ shnekli pressdan chiqqan massadan ekstraktorlarda erituvchi (benzin yoki dixloretan) ta’sir ettirib olinadi. Ekstraktsiyalangan yog’ distillanadi va tozalanadi. Presslab olingan yog’ oziq-ovqat sanoatida, ekstraktsiyalab olingani texnikada ishlatiladi.